Yaponiyalik tadbirkor bilan uchrashuv
Toshkent shahar hokimligida Yaponiyaning "AOIKAI Medical Corporation" korporatsiyasi vitse-prezidenti Tamai Xiroshi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va mutasaddilar muzakoralar oldidan mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutladi.

O‘zaro muloqotda Toshkent va Tokio shaharlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik o‘rnatilganligi, Toshkent shahar hokimligi va Nagoya meriyasi o‘rtasida sheriklik to‘g‘risida bitim imzolanganligi, shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida kunchiqar mamlakatga tashrifidagi muloqot va muzokaralar doirasida poytaxtimizda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish, yaponiyaliklar bilan hamkorlikda iqtisodiyot, sanoat, transport, ta’lim, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilganligi qayd etildi.
"AOIKAI Medical Corporation" Yaponiyadagi nufuzli korporatsiya bo‘lib, tibbiyot yo‘nalishida uzoq yillardan beri faoliyat olib boradi. Tamai Xiroshi samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, xususan, Toshkentda vakolatxona ochish, shuningdek, bir qator loyihalarni amalga oshirish rejasi borligini ma’lum qildi.

Sh.Rahmonov mehmonga Yaponiya mamlakatimizga ishonchli hamkorligi, ushbu davlat bilan ishlash sharafli ekanligini, doim hamkorlikka tayyorligini, yaponiyalik tadbirkorkorlar uchun shahar hokimligi har tomonlama yordam berishga shayligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

N.Usmonova, O‘zA