Yaponiyada yangi amaliyot: shahar meri uchun birinchi bor tug‘ruq ta’tili tartibi joriy etildi
Yaponiyaning g‘arbiy qismida joylashgan Yavata shahri meri Shoko Kavata mamlakat tarixida lavozimda ishlab turgan holda tug‘ruq ta’tiliga chiqqan ilk shahar rahbari bo‘ldi. Bu qaror xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi va o‘lka ichida turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi.
Uning ta’kidlashicha, shahar hokimligi xodimlari uchun 16 haftalik tug‘ruq ta’tili belgilangan bo‘lsa-da, mer lavozimi uchun bunday tartib umuman mavjud emas edi. Shu sababli mahalliy hokimiyat birinchi marta maxsus tartib ishlab chiqishga majbur bo‘lgan.
Mer tug‘ruq ta’tili oldidan qatnashgan so‘nggi tadbirlardan biri Yavata Tayko festivali bo‘ldi. An’anaga ko‘ra shahar rahbari ko‘chma sinto ibodatxonasi — mikoshi ustida harakatlanishi kerak edi, ammo homiladorligi sababli Kavata marosim davomida uning ortidan piyoda yurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahbarlik lavozimidagi insonlar ham farzand ko‘rishdan qo‘rqmaydigan muhit yaratilmasa, aholi sonining qisqarishi va iqtisodiy muammolar yanada kuchayadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar merni “ishlash o‘rniga ta’tilga chiqqanlik”da tanqid qilgan bo‘lsa, aksariyat Yavata aholisi uning qarorini qo‘llab-quvvatladi. Ba’zi fuqarolar Kavataning ta’til davrida ham to‘liq ish haqi olishiga e’tiroz bildirdi.
Jahon iqtisodiy forumining so‘nggi Gender tengligi indeksiga ko‘ra, Yaponiya 148 davlat orasida 118-o‘rinni egallagan bo‘lib, siyosiy vakolatlar sohasidagi ko‘rsatkichlar esa o‘lkada gender tengligi bilan bog‘liq muammolar hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA