Yaponiyada vulqon uyg‘ondi
Yaponiyaning Kyusyu orolida Sakuradzima vulqoni yakshanba kuni oqshom payti uyg‘ongan, natijada ushbu hududda xavflilik darajasi eng yuqori beshinchi bosqichga chiqdi, deyiladi Yaponiya bosh meteorologiya agentligi tarqatgan xabarda.
Vulqon otilishi mahalliy vaqt bilan soat 20:05 da boshlangan, kul otilishi balandligi 2,5 kilometrgacha yetgan.
Meteorologlarning ogohlantirishicha, otilayotgan yirik vulqon toshlari yaqin masofada joylashgan Arimura va Furusato tumanlari va Kagosima shahriga xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu sababli Kagosima shahrida xavflilik darajasi eng yuqori beshinchi bosqichga chiqqan. Bu ushbu hududdagi aholini xavfsiz joyga ko‘chirish kerakligini bildiradi.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida vulqon tahlili va ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga hamda odamlarning himoyasini ta’minlashga ko‘rsatma berdi, deyiladi xabarda.