Yaponiyada O‘zbekistonning raqamli islohotlari taqdim etildi
Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “GovTech Tokyo 2026” tadbiri doirasida O‘zbekistonda AKT sohasi, raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni joriy etish hamda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi.
Mazkur sessiya doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda vazir maslahatchisi Akihiro Sakurai tomonidan mamlakatimizda raqamli rivojlanish yo‘nalishidagi ustuvor islohotlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistondagi raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar raqamli transformatsiya, infratuzilmani rivojlantirish, elektron hukumatni keng joriy etish hamda IT mutaxassislar malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirda Estoniya Adliya va raqamli rivojlanish vaziri, Tayvan Atrof-muhit vaziri, Tokio hokimi o‘rinbosari hamda boshqa qator davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Ushbu platforma O‘zbekistonning raqamli transformatsiya yo‘lidagi yutuqlarini xalqaro maydonda namoyon etish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA