Yaponiyada O‘zbekiston turizmi targ‘ib etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan O‘zbekiston uchun yangi milliy turizm brendi ishlab chiqilishi belgilandi.
Ma’lumki, respublikamizning 2013 yil ro‘yxatga olingan amaldagi sayyohlik ramzi “Uzbekistan” yozuvi atrofidagi tog‘, yangi oy ko‘rinishi va gumbaz tasviridan iborat. Ushbu logotip turli tadbirlar, suvenirlarda, turistik transportda, samolyotlarda, ommaviy axborot vositalarida qo‘llanadi.
Adliya vazirligi xabar qilishicha, yangi brend yaratishdan mamlakatimiz turizm mahsulotini xalqaro va ichki bozorda targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini yanada mustahkamlash maqsadi ko‘zlangan.

Yuqoridagi farmon ijrosi doirasida Tokiodagi elchixonamiz tomonidan taniqli yapon blogerlari ishtirokida yurtimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Buyuk ipak yo‘li O‘zbekiston va Yaponiya madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilganiga alohida e’tibor qaratdi.
Onlayn-platforma resurslari orqali O‘zbekiston haqida xabardorlikni oshirish, yurtimizdagi mavjud mehmonxonalar, yangi turistik ob’ektlar, diqqatga sazovor joylar, gastronomiya manzillari bilan bog‘liq ma’lumotlarni muntazam ravishda va batafsil yangilab borish, yangi barpo etilgan turistik ob’ektlar manzili va ma’lumotini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish hamda sayyohlar oqimini tezlashtirish yuzasidan uzoq muddatli hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA