Yaponiyada kuchli qor: qurbonlar bor
Yaponiyada kuchli qor yog‘ishi oqibatida halok bo‘lganlar soni sakkiz nafarga, jarohatlanganlar soni esa 45 nafarga yetdi, deb xabar berdi NHK.
Avvalroq to‘rt kishi halok bo‘lgani va 23 kishi yaralangani haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, shu hafta boshida Yaponiya shimoli va g‘arbida kuchli qor yog‘di. Elektr, uyali aloqalarda, temir yo‘llari qatnovlarida uzilishlar kuzatilmoqda. Yog‘ingarchilik natijasida yo‘llarda 20-30 kilometr uzunlikdagi tirbandliklar hosil bo‘lib, ularni bartaraf etishga deyarli uch kun vaqt ketdi.
Meteorologlarning prognozlariga ko‘ra, 23 dekabrdan boshlab shimoliy va g‘arbiy hududlarda kuchli qor yog‘moqda. 24 soat ichida ayrim hududlarda 30 dan 90 santimetrgacha qor yog‘ishi mumkin. Juma kuni ertalab siklon ta’sirida janubda joylashgan Kioto va Osaka shaharlari hududida ham yengil qor yog‘di.
Kuchli qor yog‘ishi kuzatilayotgan hududlarda aholini zaruratsiz uylarini tark etmaslik, suv va oziq-ovqat bilan oldindan ta’minlashga chaqirilmoqda.
Milliy avtomagistrallarda tirbandlikni oldini olish maqsadida Transport vazirligining Xokuriku bo‘limi bir qator yo‘llarning harakatlanish uchun yopilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
O‘zA