Yangiyo‘l tumanida gaz ta’minoti tizimi yaxshilanadi
Yangiyo‘l tumanida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, mavjud gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik holatini yaxshilash, shuningdek, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni tizimli bartaraf etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumanda jami 41 ming 874 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Shundan 41 ming 176 tasi aholi xonadonlari, 698 tasi ulgurji iste’molchilar hisobiga to‘g‘ri keladi. Gaz ta’minoti holatini yaxshilash maqsadida hududlarda xatlov va o‘rganish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 51 ta mahallada o‘tkazilgan xatlovlar davomida 1 ming 305 ta xonadon, 38 ta tadbirkorlik sub’ekti va 3 ta ijtimoiy soha ob’ekti o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash doirasida 86 ta gaz taqsimlash qurilmasi modernizatsiya qilindi. Shuningdek, 14 ta qurilmada demontaj ishlari amalga oshirildi. Gaz tarmoqlarining ishonchliligini oshirish maqsadida 12,210 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, yana 1,430 kilometr gaz tarmog‘i tartibga keltirildi.
Tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimi bo‘yicha ham muayyan ishlar bajarildi. Jumladan, 1 ming 671 ta gaz hisoblagich tekshirildi. Ma’lumot uzatmayotgan 975 ta hisoblagichning uzluksiz ishlashi ta’minlandi. Ko‘p qavatli uylarda gaz va isitish tizimlarining texnik holatini o‘rganishga ham e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 9 ta ko‘p qavatli uyning ichki gaz va isitish tizimlari diagnostikadan o‘tkazildi.

Sohada iste’molchilarning gaz ta’minoti bo‘yicha qarzdorligini kamaytirish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda qarzdorligi mavjud 303 nafar iste’molchi bilan qarzdorlikni undirish bo‘yicha tegishli ishlar olib borildi. Natijada bugungi kunga qadar 1 milliard 85 million so‘m mablag‘ undirildi.
Tabiiy gazdan oqilona foydalanish va noqonuniy iste’mol holatlarining oldini olish borasida ham nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda. Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 11 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar natijasida 18 ming 565 kub metr tabiiy gaz bo‘yicha 55,6 million so‘mlik zarar hisoblangan.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida tabiiy gazdan xavfsiz, oqilona va tejamkor foydalanish madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda. Xususan, tumandagi 51 ta mahallada tushuntirish tadbirlari o‘tkazilib, 1 ming 128 nafar fuqaroga tabiiy gazdan tejamkor foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish hamda resurslarni asrab-avaylash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Mazkur chora-tadbirlar gaz ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash, tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda tabiiy gazdan oqilona foydalanish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA