Yangiyer shahrining obod mahallasi
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri kundan-kunga chiroy ochib, obod bo‘lmoqda. Buni "Obod mahalla" dasturi asosida "Shodiyona" mahallasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Ijtimoiy soha infratuzilmasi va ichki yo‘llarni yaxshilash, piyodalar yo‘laklarini qurish, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minotini yanada yaxshilash borasidagi ishlardan aholi juda mamnun.

Xususan, 2 kilometr masofadagi ichki yo‘llar sifatli ta’mirlanib, 1070 metr masofada piyodalar yo‘lagi qurildi. Buning uchun 333 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ichimlik suv muammosini hal etish uchun bir dona 25 kubometr sig‘imli suv minorasi, suvni zararsizlantirish va suv hisoblagich uskunalarini o‘rnatish, ichimlik suvi qudug‘ini tozalash, suv tortish uchun nasos jamlanmasi o‘rnatish uchun jami 345 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu ishlarni “Yangiyer qurilish" MCHJ quruvchilari amalga oshirdi.

"Majnuntol", "Dashtobod" va "Narvon"ko‘chalarida salkam 3 kilometr masofadagi gaz quvurlari, ustunlari tartibga keltirilib bo‘yoqlandi. Bundan tashqari, mahalladagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Buning uchun mazkur bilim dargohida qo‘shimcha binolar qurildi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga 649 million so‘m mablag‘ ajratildi.

– Mahallamizga kelgan kishining obod va ko‘rkam turar-joylar, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalarini ko‘rib ko‘zi quvnaydi, – deydi "Shodiyona" MFY raisi E. Yo‘ldoshev. – Yana bir muhim jihati mahalla aholisi o‘zgarishlarga mos ravishda o‘z uy-joylarini saranjom-sarishta, ozoda va ko‘rkam tutishga harakat qilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA.