Yangihayot tumani hokimi: “Yo‘ldosh” mavzesida poytaxtning yana bir daraxtzor bog‘i qad rostlaydi
Mamlakatimizda ekologik muvozanatni saqlash, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda aholi turmush sifatini oshirish bo‘yicha samarali ishlar tashkil etilmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimiz hududlarida daraxt va butalar sonini oshirish, shahar hamda qishloqlar ekologik qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyiha doirasidagi, jumladan, ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov bilan suhbatlashdik.

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi respublika miqyosida bir necha yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda va Yangihayot tumani bu borada yetakchi hududlardan biri sifatida ajralib turadi, – deya fikrini boshladi tuman hokimi. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hududida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 42 mingdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Umuman, so‘nggi to‘rt yilda yarim millionga yaqin manzarali va mevali, shuningdek, buta va atirgul ko‘chatlari “Yashil makon” platformasiga kiritildi. Bu raqamlar tumanda yashil hududlar barqaror oshib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Tumanning markaziy ko‘chalaridan tashqari, Al-Farg‘oniy, Chorbog‘, Yangi Darxon va Yangi Choshtepa mahallalarida uzoq yillar davomida foydalanilmay kelgan bo‘sh yer maydonlari bosqichma-bosqich ko‘kalamzorlashtirilib, zamonaviy yashil hududlar hamda jamoat bog‘lariga aylantirildi.
Yana bir muhim jihat, turli tashkilotlar tashabbusi bilan tuman hududida bog‘-parklar barpo etish ishlari bugungi kunda ham davom etmoqda. Xususan, Oriyat mahallasida “Ekologiya bog‘i”, “Charog‘on” “Prokuratura bog‘i”, Chortoq mahallasida hokimlik bog‘i, Yangi Darxon mahallasida “Adliya” bog‘i hamda ichki ishlar organlariga qarashli bog‘lar tashkil etildi.
Aholi yashash hududlarida yashil makon ulushini oshirish va tabiiy muhitni saqlash maqsadida, mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos o‘simlik turlarini tanlash konsepsiyasi ishlab chiqildi. Manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Masalan, “Qo‘rg‘ontepa” ko‘chasida pavloniya daraxtlari ekilib, ko‘chaning ekologik qiyofasi yanada yashil ranglar bilan boyitildi. “Lutfkor” ko‘chasida lola daraxti, “Mehrigiyo” ko‘chasida kashtan, “Mirzo Tursunzoda” ko‘chasida esa eman daraxtlari o‘ziga xos landshaft uyg‘unligini yaratdi. Shuningdek, “Shokirariq” ko‘chasida yasin, “Qo‘rg‘ontepa” 1-tor ko‘chasida safora, Toshkent aylanma yo‘lida esa qayrag‘och ko‘chatlari ekildi.
Qipchoq ko‘chasida esa yashil hududga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, chinor daraxtlari va turli butalar uyg‘un holda ekilib, hududning ekologik muvozanati va estetik ko‘rinishi yanada yaxshilandi.
Bundan tashqari, Qipchoq yer usti metro bekatidan Qipchoq ko‘prigigacha bo‘lgan masofada olxo‘ri va qirim qarag‘ayi ko‘chatlari ekildi. Bu yozning jazirama issig‘ida ham yashil muhitni saqlashga xizmat qilmoqda.

Xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashining qarori asosida Yangi Choshtepa mahallasida o‘tgan yili noyabr oyida issiqxona tashkil etilib, u yerda iqlim sharoitiga mos manzarali buta ko‘chatlarini o‘zimiz tayyorlayapmiz.
– Farmonda ko‘zda tutilgan yashillik maydonlarini kengaytirish barobarida, mavjudlarini asrab qolishga qanday yondashilmoqda?
–Bugun ko‘pchilikni tumanimizning “Yo‘ldosh” mavzesidagi 400 dan ziyod yog‘och uylar buzilgach, o‘rni nima bo‘ladi?” degan savol qiziqtirishi tabiiy. Aytish mumkinki, bu yerda beton binolar emas, balki poytaxtning yana bir daraxtzor bog‘i qad rostlaydi.
Ma’lumki, tumanimizning bu hududi o‘zining 60 yillik noyob daraxtlari bilan mashhur. Bu yerda 50 mingdan ziyod tirik boylik – salkam asrlik chinorlar, archalar va manzarali daraxtlar mavjud. Bizning asosiy maqsadimiz, farmonda ko‘zda tutilgan yashillik maydonlarini kengaytirish barobarida, mavjudlarini asrab qolishdir.
Shu maqsadda bu yerdagi 80 gektar maydonda uy-joy qurish g‘oyasidan butunlay voz kechildi. Chunki poydevor uchun yer kovlash daraxt ildiziga bolta urishga sabab bo‘ladi. Daraxt qurisa, u yerdagi hayot fayzi yo‘qoladi. Bu yerda odamlar 60 yillik daraxtlar soyasida nafas oladigan, tabiat bilan yuzma-yuz keladigan sokin maskan tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Yangihayotdagi ushbu yangi dendroparkdagi daraxtlar o‘zining yoshi, qalin soyasi va betakror manzarasi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, tumanimizning Chortoq mahallasidagi 12 gektar hududda jamoat parki tashkil etiladi.
– Tumanda yangi yashil makonlarni tashkil etishda “aqlli” sug‘orish tizimlaridan qanday foydalanilmoqda?
– Bu borada aniq va samarali ishlarimiz mavjud. Bugungi kunda iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tejamkor va kam xarjli yechimlar tatbiq etilmoqda.
Masalan, tumanda markaziy ko‘chalar va bog‘larda ekilgan daraxt nihollarini jazirama issiq ob-havodan saqlash va ularni barqaror sug‘orish maqsadida 16 ta 3 kub sig‘imli polietilen bochkalar yordamida tomchilab sug‘orish tizimi tashkil qilindi. Natijada, 4 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari sug‘orilmoqda.
Shuningdek, hali sug‘orish tizimlari o‘rnatilmagan joylarda ham daraxtlar alohida maxsus idishlar orqali tomchilab sug‘orilmoqda.
– Hududdagi sanoat korxonalarining ekologik vaziyatga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Yangihayot tumanining katta qismi sanoat korxonalari hududiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, tumanimizda keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ekologiyani sanoat va qurilish chiqindilardan asrash zaruratini yuzaga keltiradi.
Ayni jihatni hisobga olgan holda, o‘tgan yili noyabr-dekabr oylarida tumandagi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi. Tez kunda 10 dan ortiq korxonada avtomatik monitoring stansiyalari ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda yuk tashuvchi maxsus texnikalarda harakatlanish vaqtlarida tashish qoidalariga rioya etish holatlari doimiy nazorat qilinmoqda.
Rejalarimizga ko‘ra, kelgusi besh yilda tumanda ekoturizm uchun infratuzilma yaratiladi. Buning hisobiga tematik ko‘chalar, soyali sayilgohlar, jamoat parklari, favvoralar qurilib, aholi va tashrif buyuruvchilarga qulay muhit shakllanadi.
O‘zA muxbiri
Marhabo HOJIAKBAROVA
suhbatlashdi.