Yangi yo‘llar – yangi manzillar sari eltadi
“O‘zmetkombinat” mablag‘i hisobidan Bekobod shahriga kirib kelishdan kombinatning elektrda po‘lat eritish sexigacha bo‘lgan 1,2 kilometr oraliq masofada yangi avtomobil yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda kombinat boshqaruv raisi — bosh direktor R. Pirmatov, Bekobod shahar hokimi Z.Fayzullayev, kombinat va shahar faollari, metallurglar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Endilikda kombinatga keltirilayotgan yuk hamda korxonadan olib ketilayotgan tayyor mahsulotlar shu yo‘l orqali tashiladi. Ya’ni, yuk avtomobillarining shaharga kirishiga hojat qolmadi. Shuningdek, ushbu yo‘l kombinat ishchi-xodimlarining ishga kelib-ketishi uchun ham qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Qayd etish kerakki, “Farovon Bunyodkor Ishonch” MCHJ tomonidan uzunligi 1,2 kilometr, eni 13 metr bo‘lgan ushbu avtomobil yo‘lini qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borildi. Shuningdek, ushbu qurilish ishlari davomida piyodalar yo‘lakchasi, tungi chiroqlar, lotok, quvur hamda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, yo‘l atrofi obodonlashtirildi.
Shu kuni “O‘zmetkombinat”da yana bir e’tiborli voqea ro‘y berdi. Ya’ni, elektrda po‘lat eritish sexining ta’mirtalab oshxonasi zamonaviy me’morchilik usulida mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy stol-stullar hamda oshxona mebel jihozlari, asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlandi.
– Ishchi-xodimlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik barchani quvontirmoqda, – deydi mehnat faxriysi M.Parmonqulov. – 220 xodimga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan oshxonada ovqatlanish zali, idish-tovoqlarni yuvish, taomlarni tayyorlash, go‘sht, sut va sabzavot mahsulotlarini saqlash xonalari ham bor.
Reklama huquqi asosida