Yangi yilni yangi uyda nishonlashadi
Samarqand tumani Pulimug‘ob mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga yangi uy-joylar topshirildi.
Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ijtimoiy og‘iy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni turar joy bilan ta’minlash doimiy e’tibordagi masala hisoblanadi. Bu borada har yili davlat va hududiy dasturlar asosida zarur chora-tadbirlar ko‘riladi. Davlatimiz rahbarining shu yil 9 avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizi mini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ushbu maqsadga qaratilgan navbatdagi hujjat bo‘lgani bilan ahamiyatlidir.

Samarqand viloyatida ham mazkur yo‘nalishda hokimliklar, tegishli tashkilotlar va tadbirkorlar tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Pulimug‘ob mahallasidagi qariyb 33 sotix yerda boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar, Mehribonlik uylari bitiruvchilari uchun bir guruh tadbirkor va saxovatli kishilar tashabbusi bilan 12 ta zamonaviy uy-joylar qurilishi ham ana shu xayrli ishlarning namunasi bo‘ldi.

Yangi uylarni o‘z egalariga topshirish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, saxovatli ishga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdi.
– Bir necha yil avval yangi uy joy sotib olish uchun pul topish niyatida chet davlatga ishga ketgan edik, – deydi Zarifa Umarova. – Uch farzandim o‘zga yurtda tug‘ildi. Ammo turmush o‘rtog‘im og‘ir kasallikka chalinib, barcha niyatlarimiz armonga aylandi. Keyin yurtimizga qaytib kelib, yolg‘iz boshim bilan ham farzandlarni yedirib-ichirish, ham uy ijara pulini topishga qiynalib qoldim. Yaratganga ming shukr, davlatimizga, rahbarlarimizga ming rahmat, mana bugun uch xonali kichik hovli-joyimizga ega bo‘ldik. Bu e’tibordan judayam minnatdorman.

Umrzoq Shokirov go‘dakligida ota-onasidan ayrilgan. U yangi uy olish haqida orzu ham qilolmas edi. Samarqand shahrida ijarda yashagan Umurzoqqa amakisi imkon qadar yordam berib kelgan. Bugun esa uning hayotida yangi sahifa boshlandi – endi u ham o‘z uyida yashaydi.
– Bu yil mening hayotimdagi eng quvonchli, unutilmas yil bo‘lib qoladi – deydi Mehribonlik uyining sobiq bitiruvchisi Zarshed Mo‘minov. – Mehribonlik uyini bitirib, Samarqand davlat chet tillar institutiga o‘qishga kirdim. Yangi yil arafasida esa menga uy-joy berishdi.
Tadbirda ushbu saxovatli ish tashabbuskorlari uy-joyga ehtiyojmand insonlar uchun hududda yana 16 xonadonli uy qurib berishlarini ma’lum qildi.
G‘.HASANOV, O‘zA