Yangi yilga yangi rejalar bilan
Bugun vaqtning azim daryodek shiddat bilan o‘tishiga guvoh bo‘lib, umr yo‘limizning yana bir yangi yiliga qadam qo‘ymoqdamiz. Yakunlanayotgan yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda uning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan Markaziy kon boshqarmasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
2021 yilda bir vaqtning o‘zida ikkita gidrometallurgiya zavodi qurilib, to‘la quvvat bilan ishga tushirildi.
Yirik investitsiya loyihalaridan biri 7-Gidrometallurgiya zavodi negizida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi faoliyat boshladi. Qiymati 263,9 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan “Uyumda eritmaga o‘tkazish sexi texnogen chiqindilarini qayta ishlash majmuasini qurish (7-Gidrometallurgiya zavodi)” loyihasi doirasida tegirmonlar muddatidan oldin ishga tushirildi. Zavodning to‘la quvvat bilan ishlashi yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash, mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi.

Qisqa muddatda qad rostlayotgan “Auminzo-Amantoy” oltin koni negizidagi 5-gidrometallurgiya zavodida ham qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
“Auminzo-Amantoy” koni massasi rejasi 113 foizga, ma’dan qazib olinishi esa 237,5 foizga bajarildi. Shuningdek, “Oltinni ajratib olish sexi”da rudalarni qayta ishlash 105,3 foizga, “Kumushni uyumda tanlab eritish sexi”da esa 103,3 foizga uddalandi. Oltin va kumush ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi.

So‘nggi yillarda Markaziy kon boshqarmasida rudani qayta ishlash hajmini oshirishga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “2-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida 29, 30, 31, 32-tegirmon bloklari ishga tushirildi.
2021 yil davomida boshqarmamiz tomonidan umumiy tovar ishlab chiqarish hajmi 103,3 foizni tashkil etdi. O‘tgan yillarning shu davriga nisbatan o‘sish sur’atlari 100,5 foizni ko‘rsatmoqda.

Respublikamiz xazinasiga oltin yetkazib berish buyurtmasi 104,0 foizga bajarildi. Kumush ishlab chiqarish hajmi esa 100,1 foizga bajarildi.
Shuningdek, tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasiga ko‘ra, mahsulot ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish rejasi 102,3 foizga uddalandi. Energoresurslar iste’molini qisqartirish, xomashyo va materiallardan samarali foydalanish, texnologik jarayonlarda yo‘qotishlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hisobiga mablag‘ tejalishiga erishildi.
Ayniqsa, 2-gidrometallurgiya zavodida rudani qayta ishlash bo‘yicha reja 102,6 foizga bajarildi. O‘z kasbining fidoyilari mehnat qilayotgan “Muruntov” konida 109 million 289 ming kub metr tog‘ jinslari qazib olindi. Shundan 89 million 220 ming metr kub tog‘ massasini qazib olish ishlari “Muruntov” konini o‘zlashtirishning 5-navbatida amalga oshirildi.
Joriy yilda xodimlarimizdan 58 nafari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoniga munosib, deb topildi. 20 nafar kishi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati faxriysi” degan nomga musharraf bo‘ldi.
Yangi 2022 yilda ham ahil jamoamiz oldidagi ulkan vazifalar, belgilangan. Bu vazifalarni bajarishga esa imkoniyatlar yetarli.
Elmurad Xalikulov,
Markaziy kon boshqarmasi direktori.
O‘zA