Yangi yilda yangi binoda ish boshlashadi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyati kengashi jamoasi Yangi yilda koʻp qavatli zamonaviy binoda ish boshlaydigan boʻldi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyati kengashi jamoasi Yangi yilda koʻp qavatli zamonaviy binoda ish boshlaydigan boʻldi.
Barcha sharoitlarga ega yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda soʻnggi paytda mamlakatimizda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va roli kuchaytirilib, xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirilgani, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzi yanada oshirilgani alohida takilandi. Shuningdek, yuksak manaviyatli, jismonan sogʻlom yosh avlodni tarbiyalash, ularning bandligini taʼminlash, mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, aholining ehtiyojmand qatlamlari hamda keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlangani qayd etildi.
Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Ayni paytda fuqarolar yigʻinlari ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli boʻlgan 30 dan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalarni izchil amalga oshirmoqda. Shunga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish organlarini barcha sharoitlarga ega xizmat binolari bilan taʼminlash, mavjudlarini taʼmirlab, rekonstruksiya qilish va zamonaviy usulda jihozlashga etibor kuchaytirilmoqda.
Jumladan, soʻnggi yillarda har bir tumanda bittadan 13 ta “Mahalla markazi“ barpo etilib, ishga tushirildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 719 mahalla fuqarolar yigʻinlarining 18 tasi uchun yangi xizmat binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. 65 tasi tamirlanib, 5 tasi tubdan rekonstruksiya qilindi. 600 yaqin fuqarolar yigʻinlari oʻzining xizmat binosiga ega boʻlib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyat kengashi uchun barcha zamonaviy qulayliklarga ega yangi binoni qurishga 4 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Yangi yilning dastlabki ish kunlaridan bu yerda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyat va Termiz shahar kengashlari hamda viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursi faoliyat yuritadi. Buning uchun toʻrt qavatli muhtasham binoda keng, yorugʻ xonalar, oʻquv,majlislar zallari did bilan jihozlangan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taminlangan.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Toʻra Bobolov soʻzga chiqdi.