Yangi vazifalar mexanizmi va mavjud muammolar yechimi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor A.Ikramov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi hamda Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlaridan iborat bo‘lgan “Ishchi guruh” Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Dastavval, viloyat hokimligining majlislar zalida shahar va tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari rahbarlari hamda o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, majlisda ishchi guruh oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, joylarda o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar kelishib olindi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish, "Obod va xavfsiz mahalla" tamoyilini hayotga tatbiq etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mas’ul rahbarlar viloyatdagi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hududiy bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar natijasi xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan o‘rnatilgan idoralararo hamkorlik hamda yuritilayotgan me’yoriy hujjatlarning qat’iy o‘rganilishi, shuningdek, hududlarda mahalla raislarini yangi tizimga o‘tkazish, ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar bilan yaqindan tanishgan holda o‘z o‘rnida hal etish, mahalla tizimiga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish kabi bir qator masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA