Yangi universitet yangi o‘quv yilini yangi binoda boshlaydi
Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida quruvchilar Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti jamoasi uchun munosib tuhfa hozirladi.
Prezidentimizning 2024 yil 18 iyuldagi “Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti qo‘shib yuborildi. Ular negizida tashkil topgan yangi oliy ta’lim muassasasining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tadbir ishtirokchilarini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan muborakbod etib, keyingi yillarda ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor va oliy ma’lumotli yetuk kadrlar tayyorlashga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha fikr yuritdi. Sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan tashkil etilgan mazkur universitet vohada oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimining uyg‘unligini ta’minlab, oliy ta’lim muassasalarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash orqali janubdagi viloyat iqtisodiyot tarmoqlarining, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohalari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Yangi oliy ta’lim muassasasining loyiha qiymati 38,6 milliard so‘mlik o‘quv binosi ming o‘ringa mo‘ljallangan. Uni “Farg‘ona me’mor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tez va sifatli bunyod etib, zamonaviy usulda jihozladi.

Yangi o‘quv yilidan muhtasham binoda universitetning mexanika va konchilik ishi fakulteti texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi, konchilik ishi, neft va gaz ishi, konchilik elektr mexanikasi, marksheyderlik ishi ta’lim yo‘nalishlari talabalari fan sirlarini chuqur egallay boshlaydi.

Binoda talabalar foydalanishi uchun 8 ta ma’ruzalar xonasi, 10 ta amaliy seminar, 28 ta laboratoriya mashg‘ulotlari xonasi, bitta robotatexnika xonasi barcha zamonaviy o‘quv vositalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan ishga tushiriladigan “Ilg‘or muhandislik maktabi” shu yo‘nalishga mos sanoat hamkorlari ko‘magida zamonaviy laboratoriya asbob-usunalari bilan jihozlanadi. Geologiya muzeyi, ilmiy kengashlar zali, intellektual o‘yinlar va munozara “Debat” klublari uchun ham maxsus xonalar barpo etilgan.

Viloyat rahbari o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar va universitetning kelgusidagi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli yoshlarga barcha zamonaviy qulayliklarga ega binolarda tahsil olish imkoniyati yaratilayotgani va bundan samarali foydalanish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri