Yangi qonun mazmuni tushuntirildi
Joriy yil 27 sentyabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni imzolandi.
Mazkur qonun bilan sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, taraflarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilyapti. Endilikda taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirilishi mumkin bo‘lib, taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatlari kengaymoqda.
Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat (protest) berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda.
Yangi qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirishga hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda taraflarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur o‘zgarishlar 2024 yil 1 yanvaridan kuchga kirishi munosabati bilan qonunning mazmun-mohiyatini aholi, shu jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi va sudlanuvchilar o‘rtasida tushuntirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda va navbatdagi davra suhbati Qarshi shahridagi 5-sonli tergov hibsxonasida o‘tkazildi.
Viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi O‘.Mamadaliyev mahbuslar bilan uchrashib, ularga yangi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirib berdi, mahbuslar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar olishdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri