Yangi O‘zbekistonning aziz va mo‘’tabar ayollari
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Ushbu tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi vakillari, turli vazirlik va idoralar, tashkilotlarda mehnat qilayotgan ayol-qizlar, joriy yilda Prezidentimiz farmoni asosida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan opa-singillarimiz, faol ayollar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi videotranslyatsiya orqali namoyish etildi.
Darhaqiqat, ayol-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning milliy tabiatida alohida o‘rin egallaydi. Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan shiddatli yangilanish jarayonlarida ayol-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish, ularni o‘z vaqtida va tezkor hal etish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etmoqda.
Ayni paytda davlat boshqaruvi, turli jabhalarda kechayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ishtirokini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik patalasi tarkibida ayollar safini kengaytirish borasidagi amaliy ishlar diqqatga sazovor. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, farmon va qarorlar ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, mavqei va maqomini tobora yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy ahamiyatga molik davlat dasturlari, "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" kabi loyihalar ayol-qizlar, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu bilan birga, olima ayollar safini kengaytirish, qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, bu yo‘lda zarur barcha imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha ilgari misli ko‘rilmagan tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda ehtiyojmand xonadonlar, muhtoj oilalarni o‘rganishning izchil tizimi yaratildi. Bu orqali esa xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular uchun yangi ish joylarini tashkil etish, ora-singillarimizni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga olib chiqildi.
Zero, davlatimiz rahbari o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, ayollarning mashaqqati, zahmatiyu tashvishlari, mas’uliyati erkaklarga qaraganda bir necha barobar ortiq. Shu sababli munis qizlarimizga oliy ta’lim berish, ilmga chanqoq opa-singillarimiz uchun bu borada barcha imkoniyatlar eshigini ochib berish mamlakatni yanada tinch va osoyishta, xalqimizni tobora ma’rifatli qilish yo‘lidagi muhim tashabbusdir.
Joriy yilda ham davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ilm-ma’rifat, ta’lim, san’at, adabiyot va boshqa yo‘nalishlarda samarali izlanayotgan qizlarning katta guruhi xalqimizning ardoqli shoirasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
–Mamlakatimiz xotin-qizlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor bugun har bir ayollar, qizlarning taqdirida, hayotida o‘z ifodasini topmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari Dilnoza Jamolova. –Albatta bunday e’tibor farzandlar tarbiyasi, yurt taraqqiyoti, uning porloq istiqboli yo‘lida yanada samarali mehnat qilishga, ilmiy-ijodiy izlanishga da’vat etadi.
–Qizlarning bilim olishi, oliy ma’lumotli bo‘lishi yo‘lidagi amaliy ishlar mamlakat miqyosida keng quloch yozmoqda, – deydi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 8-bolalar musiqa va san’at maktabining fortepiano sinfi o‘qituvchisi Mehribon Abdurazzoqova. – Buning natijasida ota-onalar o‘z qizlari baxtu saodatini, umuman farzandlari kelajagini ma’rifat, bilim bilan vobasta ko‘rmoqda. O‘zbekistonlik o‘quvchilar respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab ijodiy tanlovlar, sport musobaqalarida jonajon O‘zbekistonimizning yuzini yorug‘ qilmoqda.
Darhaqiqat, onajonlarimiz – qalbimizda manguga qoluvchi hilqat, Vatandek aziz, tabarruk zotlar. Munis qizlarimiz – ertangi kunimizning iqboli, ishonchi.
Musiqiy dastur davomida san’at ustalari va ijrochi-yoshlar tomonidan baxt va bahor, yangilanayotgan O‘zbekistonimiz, munis opa-singillarimiz, onajonlarimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Bayram munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari