Yangi O‘zbekistonni birgalikda yaratamiz
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi butun O‘zbekiston xalqiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda 2020 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2021 yilda mamlakat oldidagi muhim maqsad va vazifalar aniq belgilab berildi.
Ma’ruzada pandemiya yurtimiz uchun katta sinov bo‘lganligi va shu tufayli xalqimiz bir-biriga yanada jipslashib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida halol va fidokorona mehnati va matonati tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tilayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda bundan keyin ham har birimiz o‘zimizning sog‘lig‘imizni saqlashga befarq bo‘lmaslikka da’vat etildi.
2020 yilda mavjud sinovlarga qaramay mamlakatimizning iqtisodiy ko‘rsatkichlari darajasi ham oldingi yillarga nisbatan o‘sganligi ta’kidlandi. Toshkent yer usti metrosining ishga tushirilishi, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida yurtimizda bajarilgan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari diqqatga loyiq.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligimizni va o‘zaro do‘stligimizni yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Haqiqatdan ham bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq turli millat va elat vakillari bir oila farzandlariday bo‘lib, do‘st, birodar, aka-uka, quda-anda bo‘lib tinch-totuv bir mahalla, bir qishloq, bir shaharda yashab kelmoqda. Bu esa mamlakatimizning tinchlik-osoyishtaligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish va baraka olib kelishida katta ahamiyat kasb etadi.
Millatlararo munosabatlarni mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalari hisoblanadi. Prezidentimizning 30 iyul kunini “Xalqlar do‘stligi kuni”, deb nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ko‘pmillatli xalqimizni quvontirdi. Bunday harakatlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, dunyoda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish, ularning hayoti, muammolariga yordam ko‘rsatish maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasining tashkil qilinishi xalqlar o‘rtasidagi umuminsoniy fazilatlarini namoyon etdi.
– Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning ommaviy axborot vositalariga munosabatini tanqid qildi. Bloger va jurnalistlar ish faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. Haqiqatdan ham bugungi kunda yurtimiz hayotida ro‘y berayotgan salbiy holatlarni ro‘y-rost ko‘rsatib o‘tish hozirgi kunda xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi muhim masaladir.
Murojaatnomada Yangi O‘zbekistonni yaratish yo‘lidagi barcha ishlar birma-bir ta’kidlandi. Bunda hech bir soha davlat rahbarining e’tiboridan chetda qolmadi. Bu esa, O‘zbekiston xalqining kelajakda yanada gullab, rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar yurtimizda o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Asosiy maqsad, albatta, yurimizda tinchlik, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shishdir. Tinchlik bor joyda rivojlanish va taraqqiyot bo‘lishi tabiiy.
Yurtboshimiz o‘z nutqida har doimgidek, “Bizdan xalqimiz rozi bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini takrorladi. Zero, olijonab va mehnatkash ko‘p millatli xalqimiz bilan birgalikda belimizni mahkam bog‘lab, shu Vatan meniki deb, chin yurakdan mehnat qilsak, yangi O‘zbekistonni yaratamiz, albatta. Bu yuksak ishlarni amalga oshishida hech qanday shak-shubha yo‘q.
Rahmatulla Jabborov,
O‘zbekiston qirg‘iz milliy
madaniy markaz raisi.
O‘zA