Yangi O‘zbekistonda yangi parlament saylovi
Kuvaytning “Al-Jarida” nashrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston: demokratik islohotlar va inson huquqlari” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar rivoji qomusiy asosini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan. Shuningdek, milliy saylov qonunchiligi zamonaviy konstitutsiyaviy normalar va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standarti asosida tubdan takomillashtirilganiga urg‘u berilgan.
Bu muhim omillar saylov jarayoni yanada ochiq va oshkora o‘tishi, O‘zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichi yaxshilanishiga erishish imkonini oshirgan. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakka-yu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir”, – deb yozgan nashr.
Muallif parlament saylovining qator o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tgan.
Jumladan, parlament saylovi O‘zbekiston tarixida ilk bor aralash, ya’ni majoritar-proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgani, jarayon to‘liq raqamlashtirilgani, “Elektron saylov” axborot tizimi joriy etilgani, saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartga muvofiq tarzda takomillashtirilgani, parlamentarizm va mahalliy vakillik organlari vakolati yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan sezilarli darajada mustahkamlangani, saylovda ishtirok etayotgan ayol nomzodlar soni izchil ko‘payib, umumiy miqdorning 40 foizini tashkil qilishi shartligi belgilanganiga e’tibor qaratilgan.
Bu yilgi saylovda 30 mingga yaqin nomzod va ularning qariyb 90 ming nafar ishonchli vakili faol ishtirok etadi. Shuningdek, saylov komissiyalarining 120 mingdan ortiq a’zosi tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy, xorijiy va xalqaro darajadagi vakillar kuzatuvchi maqomida qatnashadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA