Yangi O‘zbekistonda yangi kasaba uyushmalari
11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni
“Inson qadri uchun” g‘oyasini umummilliy harakatga, yurtimizni keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylantirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, shubhasiz, kasaba uyushmalari ham muhim o‘rin tutadi. Respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib, yurt taraqqiyoti yo‘lida yuqori cho‘qqilarni ko‘zlab faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan 11 noyabr – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni, deb e’lon qilindi. Shu kunlarda Buxoro viloyatining barcha tashkilot va muassasalarida ushbu kunga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida “Uch avlod” uchrashuvi tashkil etildi.
[gallery-14288]
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi viloyat tuman, shahar tashkilotlarida ishlagan mehnat faxriylari, kasaba uyushmasi xodimlari va faollari ishtirok etgan tadbirni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi raisi Muhammadqosim Olimov ochib, barcha ishtirokchilarni sana bilan qutladi. Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining Buxoro viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Rayhon Nosirova viloyat kasaba uyushmasi tashkilotlarida bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Tadbirda uch avlod vakillari Yurtboshimiz tomonidan kasaba uyushmalarining o‘tmishi va bugungi kunda erishilayotgan yutuqlari haqida so‘z yuritdi.
Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan mehnat faxriylari O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari