Yangi O‘zbekiston – yangi hamkorlik demak...
2022 yilning 24 mart kuni ikki mamlakat – Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlandi. Ushbu yubiley doirasida bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 25 mart kuni Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talaba yoshlari oldida Italiyaning yetakchi olimlaridan biri, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, shuningdek, Avstriya fanlar Akademiyasi a’zosi, professor Paolo Sartori tarixiy-ilmiy xarakterdagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
29 mart kuni Butunjahon Italiya dizayn kuni doirasida fotosuratlar uyida elchixona ko‘magida «Loyihalarni ishlab chiqish, shahar muhiti va tarixiy markazni rekonstruksiya qilish va tiklash bo‘yicha yangi texnologiyalar» mavzusida ma’ruzalar va fotosuratlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda arxitektura sohasidagi professor, Osiyo va Xitoy Politexnika universiteti, Turin Politexnika universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha rektor vakili Mishel Bonino ishtirok qildi.
2022 yilning 6 may kuni Italiya elchixonasi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri bilan hamkorlikda buyuk bastakor Juzeppe Verdining «Trubadur» operasini sahnaga qo‘yilishiga bosh-qosh bo‘lishni rejalashtirgan. Unda orkestr dirijyori – maestro Diniyele Djiovanni-Ajiman ishtirok etdi.
Shuni e’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda Italiya–O‘zbekiston munosabatlari yanada faollashdi.
Xususan, so‘nggi 2 yil ichida O‘zbekistonda Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga (46 tagacha) oshdi. 2021 yil boshidan buyon 15 ta korxona tashkil etildi, Italiyaning 7 kompaniyasi akkreditatsiyadan o‘tdi. O‘zbekistonda italiyalik sarmoyadorlar uchun qishloq xo‘jaligi, avtomobil sanoati va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarni qayta ishlash, kimyo tarmog‘i, neft va gaz sanoati, to‘qimachilik, ipak va charm-poyabzal sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasi, farmatsevtika, metallurgiya, shuningdek boshqa yo‘nalishlarda muhim istiqbollar yaratib kelinmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash bo‘yicha ham yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda. 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich misli ko‘rilmagan natijani – 400 million yevroni tashkil etdi.
2022 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya forumida 30 ga yaqin italiyalik biznes vakillari ishtirok etdilar. Bu Italiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishining ortib borayotganiga yaqqol dalildir.
Biz bu yil ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi uchrashuviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Shu bois, 2022 yil – mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi – Italiya-O‘zbekiston munosabatlari tarixida muhim o‘rin tutadi, deb hisoblaymiz.
Shu o‘rinda, Italiya va O‘zbekiston – ikkisi ham tinchliksevar mamlakat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Zero, bugun dunyoda qurolli to‘qnashuvlar va urushlar tobora avj olayotgan bir pallada, o‘zaro munosabatlarimiz kundan-kunga amaliy sermazmunlik kasb etib, jadal rivojlanib bormoqda desam, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘laman.
Agostino PINNA,
Italiyaning O‘zbekistondagi
Favqulodda va Muxtor elchisi