Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun
Kelgusi yetti yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihalari regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Urganch shahrida o‘tkazilgan tadbir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi. “Yuksalish” umummilliy harakati Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi tadbirida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari, Xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari, idora va tashkilotlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ma’no-mohiyati haqida so‘z borganda, uning eng muhim ahamiyati “Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – oliy qadriyat” degan tamoyilga qaratilgan. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan strategiya keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib takliflar olinmoqda.
[gallery-13133]
–O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, jamiyat islohotlar tashabbuskori tamoyilini amalga oshirish maqsadida aholini davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda, deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Bobur Ismoilov. – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.
–Ushbu strategiya loyihasida maktablardagi katta sinf o‘qituvchilarining ish soatlarini 20 soatdan 18 soatga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ish soatini 16 soatga kamaytirish lozimligi belgilangan, – deydi Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Tillayev. – Bu esa o‘z navbatida ta’lim sohasida yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishiga imkon yaratadi. Bizning hisobimizcha viloyatimizda ana shu islohot amalga oshirilsa, 1 ming 700 nafar yangi pedagoglarni ish bilan ta’minlay olamiz.
Tadbir so‘ngida strategiyaning ijrosini ta’minlashda barcha birdek mas’ul ekanligi va belgilangan maqsadlarga bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish orqaligina erishish mumkinligi haqida xulosa qilindi.
Ahmadjon SHOKIROV, Bekzod Saidov (surat), O‘zA