Yangi O‘zbekiston: qonun adolat tarozisida
Endi sud ostonasiga qadam qo‘ygan kezlarim qishlog‘imning oqsoqollaridan biri (rahmatli) Rizoqul bobo bir ma’rakada ko‘rib qolib, imo-ishora bilan yaqinroq borishimni so‘radi.
Mamlakatimizda odil sudlov tizimini erkinlashtirish siyosati so‘ngi paytlarda yil sayin yuqori pog‘onaga ko‘tarilib bormoqda. Kasbim taqozosi bilan o‘n yil davomida odil sudlov organlari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, sudyalarga hech qachon berilmagan mustaqillik, huquq va erkinliklar bugun berilayotganligining, sudyalar xalqaro talablarga javob beradigan darajalarga chiqayotganligining guvohi bo‘lib turibman.
Hammamiz yaxshi bilamiz, sudya belgilangan tartibda qasamyod qiladi. “Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman”. Qani ayting, mustaqil va erkin bo‘lmagan sudya shu qasamyodga sodiq bo‘la oladimi?
To‘g‘ri xulosa qildingiz. Albatta yo‘q. Sudya kimga yoki qaysidir organga qaram bo‘ldimi, xuddi o‘tmishdagi singari o‘z fikriga, so‘ziga, xulosasiga ega bo‘la olmaydi. Natijada, qasamyod buziladi. Qonun buziladi. Xolislik yo‘qoladi. Adolat bo‘lmaydi.
Endi sud ostonasiga qadam qo‘ygan kezlarim qishlog‘imning oqsoqollaridan biri (rahmatli) Rizoqul bobo bir ma’rakada ko‘rib qolib, imo-ishora bilan yaqinroq borishimni so‘radi. Salom-alikdan keyin, “Abdukamol, sudyalikning yuki og‘ir, adolatli bo‘l, bilasanmi, adolatli bo‘lish faqat yengil jazo berish emas, qilmishiga yarasha jazo berish demakdir, chunki jabrlanuvchilar bor, joyi kelganida og‘ir jazo ham adolatli bo‘ladi”, degandi. Oqsoqolning shu gapi mening qulog‘imga qo‘rg‘oshindek quyilib qolgandi.
O‘sha yillarda ko‘rilgan aniq bir misolga murojaat qilaman. Taxminan 1995 yil qo‘limga bir jinoyat ishi kelib tushdi. Sud raisi bo‘lganligim va ish jiddiy, ayni vaqtda murakkab ekanligi sababli o‘z ish yurituvimga qabul qildim. Ish materiallariga ko‘ra, voyaga yetmagan ikki yigit o‘rta yoshli, baquvvat pochchasini boshiga bir urib o‘ldirganlikda va temir yo‘l yoqasiga tashlab ketganlikda ayblangan. Bir sud-tibbiyot ekspertizasi boshiga to‘mtoq vosita bilan urib o‘ldirgan bo‘lishi mumkin deb, boshqa sud-tibbiyot ekspertizasi poyezd urib yuborgan bo‘lishi mumkin deb, xulosa bergan. Ishni chuqur o‘rganib, ish holatlarini voqea joyida, dastlabki tergovda to‘plangan dalillarni sudda to‘plangan dalillar bilan solishtirib, inkor etib bo‘lmas darajada oqlov hukmi chiqarish chegarasiga kelganimizda, ish tergov organi tomonidan “kamchiligimizni o‘zimiz to‘g‘rilaymiz” degan bahona bilan qaytarib olindi va oradan ko‘p o‘tmay boshqa sudga yuborilib, voyaga yetmagan bolalarga ayblov hukmi chiqarildi...
U yillarda sudning ustida o‘rnatilgan prokuratura, adliya organlari nazorati yetmaganidek, boshqa idoralarning hukmronligi ham yaqqol sezilib turardi. Ayniqsa, ko‘ziga yomon ko‘ringan odamni cho‘ntagiga nasha tiqib, uyiga qurol yoki o‘q tashlab, og‘ir ayblarni qo‘yib keltirishardi. Biz, sudyalar ularga jazo beray desak, hech joyda ekilmaydigan nasha uning cho‘ntagiga qayerdan keldi, biron joyda sotilmaydigan o‘q-dori qayerdan u kambag‘al-bechoraning og‘ilida paydo bo‘ldi? Oqlasang, albatta oqlov hukming bekor qilinadi, oqlamasang, aybini isbotlab berolmaysan... Ochig‘i, bir yilda shunga o‘xshagan yigirma beshta jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytargandim va keltirilgan protestlarga qaramasdan, yuqori sud qarorimni ma’qullagandi.
Endi-chi? Sudyalarning mustaqilligiga, ularning faoliyatidagi yuksalishlarga havas va ishonch bilan qaraymiz. Chunki O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatini boshlagan ilk kunlardan odil sudlov organlariga alohida e’tibor qaratdi. “Eng achinarlisi, – dedi o‘shanda kuyunchaklik bilan Prezident, – keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan. Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta!” Bu gaplarni eshitganimda aslida vijdon amriga va qonunga rioya qilib mehnat qilgan, ammo qaysidir harakati yoki harakatsizligi kimlargadir yoqmay qolgani yoxud ko‘chada sang‘ib yurgani uchun tuhmatga uchragan ayrim yurtdoshlarimiz ko‘z oldimdan birma-bir o‘tgandi.
Bu so‘zlardan keyin deputatlik faoliyatim davrida kelib tushgan bir fuqaroning murojaati yodimga keldi. Taqdim qilgan sud qarorlariga ko‘ra, u xo‘jalik boshqaruvida kichik bir lavozimda ishlab turganida pora olganlikda ayblanib, jazoga tortilgan. Taqdim qilingan ish materiallari nusxalarini o‘rgansam, pora beruvchi porani sentyabr oyida davlat raqami sud hukmida ko‘rsatilgan “Kaptiva” avtomashinasida bergan va pora oluvchi paltosining o‘ng cho‘ntagiga 25 000 dollarni solib qo‘ygan. Sud tergovi davomida tegishli davlat organlaridan berilgan ma’lumotnomalarga ko‘ra, o‘sha kuni havo harorati palto kiyadigan darajada emas, 25 daraja issiq bo‘lgan, bunday raqamli avtomobil esa umuman bo‘lmagan. Ammo, ayblov hukmi e’lon qilingan va jazo o‘talgan.
Shu voqeani eslab, Davlatimiz rahbarining boshlagan siyosati naqadar odilligiga imon keltirgandim. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanganligi tizimdagi ishlarning poydevori bo‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahbarligida keyingi 4 yilda sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan 20dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bilan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, uning nufuzini yanada oshirish, sudyalarni tanlash va tayinlash tizimini isloh qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, biz huquqshunoslarning ulug‘ ustozimiz Burhoniddin Marg‘inoniy Payg‘ambarimizdan bir hadis rivoyat qilganlar: “Rasululloh aytganlar: Kimda-kim qozilik mansabini axtarsa, u o‘ziga o‘zi javob berishi kerak, lekin kimda kim majburiyat orqasida ishlasa, uning uchun farishta osmondan tushib uni boshqaradi”. Darhaqiqat, sud’yalik vazifasiga loyiq topilgan kishi Prezident ta’biri bilan aytganda, oliy darajadagi adolat va yaxshilik tarafdori bo‘lishi joiz. Shu nuqtai nazardan, amaldagi sud’yalarni tanlash va tayinlash instituti qo‘yilgan ana shu talabga mos kadrlarni tavsiya qilishi va demokratiyaning barcha talablariga javob bermoqda.
Darxaqiqa, bir necha marta uchrashuvlar, mashvarat va kengashlar o‘tkazildi. Sud tizimi yangilandi. Sud xodimlarining qadr-qimmati tiklandi. Sudyalik faoliyatiga toza havo kirdi. Sudlar ochiqlik, shaffoflik va adolat maydoniga aylandi.
Haqiqat raqamlarda, deb bejiz aytilmaydi. So‘nggi 4 yilda 2 ming 500 nafardan ortiq fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Birgina o‘tgan 2020 yili 719 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan. Shuningdek, 2020 yilda 3 ming 434 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilingan, 21 ming 970 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 6 ming 959 nafariga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirilgan va 5 ming 958 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlangan yoki qayta malakalangan.
Zimmasiga odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishni, beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lish vazifasini olgan sudyalar Davlat rahbarining rahnomaligida qonun ustuvorligini ta’minlash, provardida adolatni qaror toptirish yo‘lidan borayotganligi, xalqimizning ishonchiga kirayotganligi e’tiborga molik. Yangi O‘zbekistonda qonunlar adolat tarozisida! Bu hali, marraga yetdik, degani emas. Endigi navbat dastlabki tergov sifatini oshirishga qaratilgan sud-ta’sir choralarini kuchaytirishdir. O‘shandagina Prezidentimiz kutayotganidek to‘laqonli natijalar ro‘yobga chiqa boshlashi, shak-shubhasiz.
Muxtasar aytganda, odil sudlov institutining mustaqilligi jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirishga, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shadi, butun dunyo hamjamiyati oldida yorug‘ yuzli bo‘lishimiz uchun xizmat qiladi. Zero, Prezident ta’biri bilan aytganda “Adolat, adolat, adolat! Yana bir marta adolat!” qaror topadi.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy
kengashi raisi o‘rinbosari
O‘zA