YANGI O‘ZBEKISTON mo’jizasiga bag‘ishlangan kitob
Bundan roppa-rosa bir yil avval Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “UZBEKISTAN GTL” zavodi ishga tushirilgan edi. «Yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi tipdagi bu majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Ushbu mahsulotlar hisobidan yiliga 500 million dollarlik import o‘rni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va byudjetga 2 trillion so‘mlik soliq tushumlari tushishi ta’minlanadi» degan edi davlatimiz rahbari majmuaning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida.
Mazkur kitob Yangi O‘zbekistonning nafaqat sanoati, balki ijtimoiy-siyosiy hayotida porloq sahifa o‘laroq zohir bo‘lgan o‘sha ulkan voqelik – “Uzbekistan GLT” majmuasining dunyoga kelishi va uning mamlakat iqtisodiyoti, xalqimiz turmush tarzida tutajak ulkan ahamiyati haqida hikoya qiladi.
G‘oya muallifi va loyiha rahbari siyosatshunos Qudratilla Rafiqov.
Qashqadaryo cho‘llarida qad rostlagan ushbu gigant majmua nafaqat yurtimiz, balki mintaqa neft-gaz-kimyo sanoati, iqtisodiyotini zamonaviy va global dunyo bozori sari yo‘naltira olish quvvatiga ega.
Kitobdan Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu majmua ochilishida so‘zlagan nutqi, o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislarning dil so‘zlari, tilaklari, shuningdek, OAV xodimlarining hayajonga yo‘g‘rilgan tahliliy maqolalari o‘rin olgan.
Yangi O‘zbekiston mo‘’jizasiga bag‘ishlangan ushbu kitob mamlakatimiz energetika tarmog‘idagi klaster tizimining qaldirg‘ochi bo‘lgan mazkur korxona haqidagi hikoyalari bilan mamlakatimizda yangi sanoat davri boshlanayotganidan xabar beradi.
O‘zA