“Yangi O‘zbekiston” massivida ishlar jadal davom etmoqda
Obod manzillar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024 yilda uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida soha rivoji yo‘lidagi qator masalalar muhokama qilingan edi.
Prezidentimizning 2024 yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Buxoroda boshlangan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda uy-joy sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari va zamonaviy ko‘p kvartirali uylar qurish ko‘lamini kengaytirish, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish hamda banklar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish mexanizmlarini amaliyotga keng joriy qilish maqsadida Buxoro tumani “Bog‘idasht” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 44 gektar yer maydonida bugun bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida umumiy uy-joylar 111 ta 9 va 7 qavatli 6952 ta xonadonli turar joy binolari qurilishi rejalashtirilgan.
– Majmua hududi 2 ta 990 o‘rinli maktab, 1 tasi 420 o‘rinli, 2 tasi 180 o‘rinli 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi, – deydi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilish shtabi mutaxassisi Abduaziz A’zamov. –Shuningdek, 250 o‘ringa mo‘ljallangan oilaviy poliklinika ham qurilishi rejalashtirilgan. Har bir turar joylarda avtomobillar uchun alohida avtoturargohlar, yashil hududlar, “Yoshlar” markazi, yoshlar uchun sport maydonchalari quriladi. Dastavval uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan aholi qatlamlariga subsidiya asosida beriladi.
– Hozirgi kunda fundament qismini bitirib, 2-qavatda ishlarni boshlaganmiz, – deydi qurilish korxonasi ish boshqaruvchisi Salimjon Salimov. – Zamonaviy qurilish ashyolari asosida yangi texnologiyalar bilan qad rostlayotgan uylar bir yo‘lak 8 ta xonadondan iborat bo‘ladi. 2024-2027 yillarda qurib bitkazilishi mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivida loyihaga asosan manalit qoplamadan foydalanish hisobiga aksariyat uylarni muddatidan oldin bitkazish ham nazarda tutilgan.
– Bugungi kunda qurilish tashkilotimiz massivda ishni boshlaganmiz, – deydi qurilish korxonasi rahbari Dilshod Hamroyev. – Hozirda to‘shama qismi tugatilib, poydevor qismida ishlar olib borilmoqda. Ob’ektimiz 9 qavatdan iborat bo‘lib, 68 xonadon va 1-qavatda maishiy xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalar quriladi. Qurilish jihozlari sifat darajasida amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz xalqimizga sifatli uylarni topshirishdan iborat.
Shaharga tutash shaharcha ko‘rinishini oladigan hududda o‘tgan oylardan boshlangan qurilish ishlari bilan birga, birlamchi ahamiyatga ega elektr energiyasi va tabiiy gaz, iste’molga yaroqli ichimlik suvi ta’minoti, qolaversa, yo‘l kabi zarur infratuzilma inshootlarini yaratib berish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.
Joriy yil 31 may sanasi qorako‘lliklar uchun katta xursandchiliklarga sabab bo‘ldi. Shu kuni, Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rish orqali Davlatimiz rahbari yurtimizda xalqparvar siyosatga asos solinganini yana bir karra namoyon etdi. Aytish o‘rinli, aynan Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida viloyatning Qorako‘l tumanida yangi massiv uchun “Do‘rmon” hududi belgilanib, qurilish ishlari jadal boshlangan edi. Qurilish normalariga to‘la mos keladigan massiv ikkinchi bosqichda yanada kengayadi.
[gallery-20433]
Ma’lumot uchun, 2020 yildan bugungi kunga qadar viloyatda 13 ming 116 ta xonadondan iborat 411 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda 116 ta 5000 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlanib, bugungi kunda 2 ming 820 ta xonadondan iborat 71 ta ko‘p-qavatli uy-joylar foydalanishga topshirildi.
So‘nggi yillarda aholining yuqori o‘sish sur’atda va iqtisodiy faollikning ortishi sharoitida Buxoroda ham uy-joyga bo‘lgan talab o‘sib bormoqda. Keyingi davrda uy-joy siyosati bo‘yicha samarali islohotlar olib borilib, viloyat aholisini uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida kelgusi 5 yilda 32 ming xonadonli 638 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari