Yangi O‘zbekiston maktablarida yangi davr boshlanmoqda
Mamlakatimizdagi yangi davr shiddati ta’lim tizimiga ham o‘zining aniq, qat’iy talablarini qo‘ymoqda.
Prezidentimiz o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrik nutqida ta’kidlaganidek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiya ekanligini, ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.
Shuning uchun ham, mamlakatimizda pedagoglarning salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, bu borada izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimizning “Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining ishlab chiqilganligi mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘ldi.
Joriy yilning 30 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida mazkur farmon loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida buxorolik pedagoglar ham faol ishtirok etdi, jarayonni katta qiziqish bilan kuzatdi.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, ta’limda mavjud muammolarni hal qilib, yaqin besh yilda natijasini ko‘rsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab berish maqsadlarini qamrab olgan ushbu farmon loyihasi Yangi O‘zbekiston maktablarida yangicha davr boshlanayotganining yaqqol ifodasi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda jamiyatda muallimning obro‘-e’tibori va nufuzini yanada yuksaltirish, o‘quv dasturlari va metodikasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, maktabni ta’limning keyingi bosqichlari bilan uzviy bog‘lash, o‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etib, o‘z ustida ko‘proq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni rag‘batlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi ma’naviy muhitni yaxshilash kabi dolzarb masalalarning yechimlari aniq belgilab berilgan.
Yig‘ilishda har bir maktab reytingini hamda shu asosda ta’lim sifati bo‘yicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.
Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy byudjetdan ustama to‘lanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq ta’limi bo‘limi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan maktablarning 2 nafar ilg‘or o‘qituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yo‘llar bilan ham rag‘batlantiriladi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari avvalo maktablarda o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rgangan holda o‘quvchilarni fikrlashga chorlaydigan milliy metodikamizni yaratish zarurligini ta’kidladi. Bu biz pedagoglar uchun nihoyatda qulay shart-sharoitlarni yaratishi bilan birga zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shuningdek, o‘qituvchilar toifasini belgilash tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish masalalariga ham alohida urg‘u berildi. Mazkur jarayonni soddalashtirish orqali o‘qituvchilarga bir qator yengilliklar yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi. Bu maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qo‘nimsizligiga barham berishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz
Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan Farmonni “...yillar davomida ko‘rinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘ladigan qudratli manba” ekanligiga aslo shubha yo‘q.
Dilfuza MUSTAFOEVA,
Buxoro viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi boshlig‘i