Yangi O‘zbekiston inson qadri ulug‘langan mamlakat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Sayyora Fayziyevaning navbatdagi saylovoldi tashviqot tadbiri Toshkent tumanida o‘tkazildi.
Unda hudud faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmonova, Atxam Nazirqulov va Nodir Abduvaliyev, mahalliy Kengashdagi partiya deputatlari, nuroniylar, faxriylar, aholi vakillari hamda xayrixoh yoshlar vakillari qatnashdi. Ishonchli vakil Sayyora Fayziyeva Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida vatanimizni yanada ravnaq toptirishga, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratishga yo‘naltirilgan maqsadlar, vazifalar ilgari surilgani haqida ma’ruza qildi.

Dasturda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda inson qadrini yanada yuksaltirish, xalqimiz turmush farovonligini bundan-da oshirish, “davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oyani to‘la amalga tatbiq qilishdan iborat. Xususan, nomzod saylovoldi dasturining “Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar” nomli bandiga ko‘ra, kelgusi yetti yilda mamlakat ijtimoiy himoya tizimining vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat.

Tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar” faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bu sohadagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi muqarrar. Bolalarni vasiylikka olish tizimi, vasiylarni tanlash mezonlari va monitoring qilish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni yaratish – hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalardan biri bo‘ladi. Qolaversa, nogironlikni belgilash bo‘yicha hozirgi tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tish uchun zarur choralar ko‘riladi.

Dasturdagi yana bir e’tiborli jihat shundan iboratki, tobora shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon talabiga muvofiq barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston – ayollari hayotidan rozi bo‘lib, baxtli saodatli yashaydigan mamlakatga aylantiriladi. Ularning huquq va manfaatlarini, sifatli ta’lim olishini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari bundan buyon ham eng asosiy vazifa bo‘lib qoladi. Tug‘uruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimini joriy etish yuzasidan barcha huquqiy asoslar yaratiladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar partiyadan ko‘rsatilgan nomzod saylovoldi dasturidagi o‘zlarining e’tiborlarini tortgan jihatlar haqida mushohada yuritisharkan, unda belgilangan hayotbaxsh g‘oya, ustuvor maqsad va vazifalar xalq manfaatiga xizmat qilishini e’tirof etishdi.
Tadbirda ishonchli vakil saylovchilarni yurtimiz manfaati yo‘lida fidokorona mehnat qilishni o‘z hayoti va faoliyatining mazmuni deb bilgan, mamlakatni Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashtirishga qodir bo‘lgan nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chorladi.
A.Musayev,O‘zA.