Yangi O‘zbekiston g‘oyalari BMT minbarida
Dunyoda oxirgi yillarda kechayotgan jarayonlar insoniyat oldiga juda katta sinovlarni qo‘ymoqda. Xalqaro institutlar ta’sirining susayishi, davlatlar o‘rtasida ziddiyatlar va urushlarning kuchayishi, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlikning tobora chuqurlashishi, gumanitar inqirozlarning ortib borishi butun insoniyatni xavotirga solmoqda. Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida aynan shu tahdidlarni tahlil etar ekan, ularning har biri jahon hamjamiyati uchun qanchalik xavfli ekanini chuqur asoslab berdi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonlar yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda va ularga qarshi kurashishda eski yondashuvlar yetarli emas.
Prezident nutqida BMTning ahamiyati alohida uqtirildi. Uning fikricha, aynan BMT hali ham xalqaro hamkorlikning asosiy maydoni bo‘lib qolmoqda va global muammolarni murosa va muloqot asosida hal etish uchun yagona samarali platforma hisoblanadi. Sh.Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning tashabbuslarini yuqori baholar ekan, tashkilotning nufuzini saqlab qolish va uni zamon talablariga mos holda transformatsiya qilish zarurligini qat’iy ta’kidladi. Bu bejiz emas. Chunki agar BMT kuchli va ta’sirchan institut sifatida saqlanmasa, global mojarolarning oldini olish yoki ularni hal etish ancha qiyinlashadi.

Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik Kengashi tarkibini kengaytirish g‘oyasini ham ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, dunyoda ko‘pchilikni tashkil etadigan rivojlanayotgan davlatlar manfaatlari bu kengashda yetarli darajada ifoda etilmayapti. Shu bois Xavfsizlik Kengashi demokratik prinsiplarga asoslangan holda isloh qilinishi kerak. Bu taklif dunyodagi tengsizlikni kamaytirish, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qabul qilindi.
Global tahdidlarni tahlil etar ekan, Prezident nafaqat muammolarni sanadi, balki ularga yechim sifatida hamjihatlik, muloqot va xalqaro sheriklik g‘oyalarini ilgari surdi. Uning fikricha, bugun dunyodagi muammolar shunday miqyosdaki, hech bir davlat ularni yakka holda hal etishga qodir emas. Tinchlik va barqarorlikka erishish uchun hamkorlik asosiy shartdir. BMT bu boradagi yetakchi tuzilma sifatida o‘z ta’sirini saqlab qolishi uchun a’zo davlatlar ham mas’uliyatni his etishi zarur.
Nutqda global xavflardan biri sifatida ijtimoiy va texnologik tengsizlikka alohida e’tibor qaratildi. Yangi texnologiyalar rivojlangan davlatlarga katta ustunlik bermoqda, rivojlanayotgan mamlakatlar esa ortda qolib ketmoqda. Bu esa yangi-yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sh.Mirziyoyev bu borada global hamjihatlik va texnologiyalardan teng foydalanish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Bu g‘oya insoniyat kelajagi uchun muhimdir, chunki agar raqamli tengsizlik davom etsa, ijtimoiy va siyosiy ziddiyatlar yanada kuchayishi ehtimoli bor.
Prezidentning global tahdidlarga oid tahlilida yana bir muhim jihat bor: u muammolarni faqat xavf sifatida emas, balki imkoniyat sifatida ham ko‘rdi. Agar davlatlar hamjihatlikda harakat qilsa, bu muammolarning hal etilishi insoniyat uchun yangi taraqqiyot bosqichini ochishi mumkin. Shunga ko‘ra, u “BMT-80” tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini va “Kelajak uchun pakt”ga sodiqligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevning global tahdidlar haqidagi tahlili, BMTning roli va uning transformatsiyasiga oid takliflari xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bu masalalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat taqdiri uchun dolzarb. Prezidentning nutqi shu jihatdan umumbashariy muammolarga O‘zbekistonning qat’iy va insonparvar pozitsiyasini namoyon qildi.
Yangi O‘zbekiston siyosiy modelida islohotlar markazida inson qadri turadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida ta’kidlaganidek, mamlakatdagi barcha o‘zgarishlarning bosh maqsadi har bir insonning hayoti va farovonligini yaxshilashdir. Bu yo‘nalishdagi ishlar natijasida so‘nggi yillarda juda katta yutuqlarga erishildi. Avvalo, kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizga tushirilishi, millionlab yangi ish o‘rinlari yaratilishi O‘zbekiston taraqqiyotining islohotlarga asoslangan yangi modeli samarasi ekanini ko‘rsatadi. Bu raqamlar ortida aniq siyosat va amaliy dasturlar turibdi. Hukumat aholining har bir qatlamini qamrab olgan ijtimoiy siyosat orqali kambag‘allikka qarshi kurashdi, ijtimoiy yordamning yangi tizimini joriy qildi va tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Prezident ta’lim tizimidagi islohotlarga alohida to‘xtaldi. O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim qamrovining 27 foizdan 78 foizga ko‘tarilishi mamlakatning yosh avlod taqdiriga qanchalik jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi. Chunki maktabgacha ta’lim kelgusi bilim va qobiliyatlar rivojining poydevori hisoblanadi. Shu bilan birga, oliy ta’lim qamrovining 9 foizdan 42 foizgacha o‘sishi ham ta’lim sohasidagi islohotlarning miqyosi va samaradorligidan dalolat beradi. Bu raqamlar O‘zbekistonning global bilim bozorida raqobatbardosh avlod tayyorlashga intilayotganidan xabar beradi. Prezident ta’kidlaganidek, ta’lim sifatidagi eng muhim omil — o‘qituvchi shaxsining nufuzini oshirishdir. Shu bois pedagog kasbiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. O‘qituvchilarning nufuzini oshirish, ularning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatning kelajak taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi — sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishdir. Prezident nutqida aytib o‘tganidek, O‘zbekistonda ilg‘or tibbiy xizmatlar joriy etilmoqda, aholi salomatligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bolalar saratoni va og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik asosida yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilishi mamlakatimizning bu sohadagi tashabbuskorligini ko‘rsatadi. Bu tashabbus nafaqat milliy, balki global ahamiyatga ega, chunki kasalliklar chegara bilmaydi va ularga qarshi kurashish xalqaro hamkorlikni talab etadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelining yana bir ustuni xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashdir. Prezident nutqida bu masala alohida o‘rin oldi. Xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi, ularning tadbirkorlik va iqtisodiy hayotdagi ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratilishi mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida ko‘rsatildi. Bu masala nafaqat milliy taraqqiyot, balki xalqaro miqyosda ham dolzarbdir. Chunki gender tengligi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston bu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik va ilm-fandagi ishtiroki uchun imtiyozlar yaratish mamlakatning umumiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – innovatsiya va “yashil” energetika sohasi. Prezident nutqida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi manbalardan keng foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish haqidagi fikrlar ham o‘z aksini topdi. Bu sohada O‘zbekiston xalqaro hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Chunki iqlim o‘zgarishi va energetika xavfsizligi masalalari global ahamiyatga ega. Prezidentning fikricha, “yashil” energetikaga o‘tish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Shu tariqa, nutqda keltirilgan raqamlar va misollar shundan dalolat beradiki, Yangi O‘zbekiston modeli o‘z ichiga iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlarni qamrab olgan kompleks tizim sifatida shakllanmoqda. Bu islohotlar nafaqat milliy taraqqiyotga xizmat qilmoqda, balki global barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshirilmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, 2030 yilga qadar O‘zbekiston “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan. Bu maqsad amaliy islohotlar, inson kapitaliga sarmoya, gender tengligi va innovatsion taraqqiyot orqali amalga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib Yangi O‘zbekiston islohotlari haqida so‘zlashi jahon hamjamiyati uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu nutq orqali mamlakatimiz nafaqat milliy rivojlanish yo‘lida, balki global masalalar yechimini izlashda ham faol ishtirokchi ekanini ko‘rsatdi. Islohotlarning inson qadriga asoslanganligi, ularning global maqsadlar bilan uyg‘unligi nutqning ilmiy va amaliy qimmatini yanada oshirdi.
Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda yuz bergan ulkan o‘zgarishlar nafaqat mintaqaning, balki butun Yevroosiyo geosiyosiy xaritasining ko‘rinishini o‘zgartirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zlar ekan, bu jarayonlarni alohida ta’kidladi va ularni Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirib ko‘rsatdi. Uning fikricha, sakkiz yil muqaddam O‘zbekiston tomonidan e’lon qilingan Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik makoniga aylantirish siyosati bugun o‘z samarasini berdi. Chegaralar ochildi, uzoq yillar davomida hal etilmay kelgan nizolar tarix sahifasiga ko‘chirildi, davlatlar o‘rtasidagi savdo, investitsiya va transport aloqalari bir necha barobar oshdi.
Markaziy Osiyo integratsiyasi haqida gapirganda, Prezidentning “Yangi Markaziy Osiyo” iborasidan foydalanishi chuqur ma’no kasb etdi. Bu atama orqali u mintaqada yuz bergan islohotlar va siyosiy jarayonlarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat qo‘shnichilik asosida, balki umumiy manfaatlar, iqtisodiy sheriklik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida birlashmoqda. Bu jarayon mintaqa davlatlari nufuzini xalqaro siyosiy sahnada yanada oshirmoqda.
Prezident nutqida aytib o‘tilganidek, mintaqada so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Bu raqamning o‘ziyoq integratsiya jarayonlarining qanchalik samarali kechayotganini ko‘rsatadi. Investitsiya va transport sohalarida ham katta o‘sish kuzatilmoqda. Chegara hududlarida qo‘shma sanoat zonalari tashkil etilmoqda, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu kabi tashabbuslar nafaqat iqtisodiy manfaat, balki xalqlar o‘rtasida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari an’anasi bugun integratsiya jarayonlarining institutsional poydevoriga aylandi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu uchrashuvlar mintaqaviy hamjihatlikni ta’minlashda samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tashabbuslar orqali davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, mintaqaning xalqaro nufuzi mustahkamlanmoqda.
Geosiyosiy nuqtai nazardan qaraganda, Markaziy Osiyoning global ahamiyati tobora ortayotganini ko‘rish mumkin. Mintaqa Yevropa bilan Osiyoni bog‘laydigan asosiy tranzit yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Shu bois transport va logistika sohasidagi hamkorlik nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy tizim uchun ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Mirziyoyevning fikricha, xalqaro tranzit koridorlarini mustahkamlash, logistika zanjirlarini rivojlantirish global barqarorlikka hissa qo‘shadi. Uning tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish g‘oyasi ilgari surildi.
Markaziy Osiyo integratsiyasi nafaqat iqtisodiy sohada, balki xavfsizlik va tinchlikni ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega. BMT minbaridan turib aytilgan fikrga ko‘ra, mintaqaviy barqarorlik butun Yevroosiyo xavfsizligi uchun muhimdir. Afg‘oniston masalasi ham aynan Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli O‘zbekiston Afg‘onistonning yakkalab qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik, uni xalqaro iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish tarafdori. Bu siyosat nafaqat mintaqaning, balki global xavfsizlikning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi.
Prezident nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik imkoniyatlari haqida ham fikr bildirildi. Masalan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon yaratish kabi tashabbuslar mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan.
Bu jarayonlarning barchasi bir maqsadga yo‘naltirilgan: Markaziy Osiyoni tinchlik va hamjihatlik makoni sifatida mustahkamlash va uni xalqaro munosabatlarda ta’sirchan sub’ektga aylantirish. Mirziyoyevning nutqida aytilganidek, bugun Yangi Markaziy Osiyoning shakllanish jarayoni boshlandi. Bu jarayon o‘zining hamjihatligi, barqarorligi va o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlarda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo integratsiyasi haqidagi fikrlar nutqning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon etildi. Bu integratsiya nafaqat mintaqaviy taraqqiyotga, balki global barqarorlik va xavfsizlikka ham xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari alohida o‘rin oldi. Bu masalalar nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyatga ega bo‘lib, insoniyat kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Mirziyoyev bu mavzuda so‘zlar ekan, dunyo hamjamiyatiga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va xalqaro hamkorlikka doir takliflarni taqdim etdi. Uning chiqishi shuni ko‘rsatdiki, ekologiya masalasi mamlakatimiz tashqi siyosatida ham, ichki islohotlarida ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Eng avvalo, Prezident Orol dengizi fojiasini global hamjamiyat e’tiboriga yana bir bor olib chiqdi. Dunyodagi eng yirik ekologik muammolardan biri hisoblangan Orol qurishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo xalqlariga va keng ma’noda global ekotizimga katta zarar yetkazdi. Mirziyoyev nutqida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi: dengizning qurigan tubida ikki million gektar maydonda cho‘l o‘simliklari ekilib, yangi yashil hududlar yaratildi. 2030 yilga qadar qurigan maydonning 80 foizini yashil qoplamalar bilan ta’minlash rejasi mamlakatning ekologiya sohasidagi qat’iy maqsadlaridan biri sifatida belgilab olingan. Bu tashabbus nafaqat mahalliy aholi salomatligi va hayoti uchun muhim, balki global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Prezidentning ta’kidlashicha, suv resurslari taqchilligi dunyodagi eng katta muammolardan biriga aylanmoqda. Ayni vaqtda ikki milliarddan ortiq inson toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatidan mahrum. Bu holat insoniyat kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda. Mirziyoyev bu masalani global darajada ko‘tarib chiqib, Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Ushbu forum orqali suv inqirozi barqaror taraqqiyot uchun jiddiy xavf sifatida belgilanishi va unga qarshi xalqaro yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Prezident bu tashabbus orqali dunyo davlatlarini suv resurslarini oqilona boshqarishga chaqirdi.
Nutqda iqlim migratsiyasi masalasi ham ko‘tarildi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida ko‘plab odamlar o‘z yashash hududlarini tark etishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa yangi ijtimoiy va siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Prezidentning fikricha, bu sohada haligacha aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza yaratilmagan. Shuning uchun u iqlim migratsiyasi masalasida keng xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish zarurligini ta’kidladi. Mirziyoyev Global pakt qabul qilish taklifini bildirdi, bu esa dunyo davlatlarining bu muammoga tizimli yondashishini ta’minlaydi.
Prezident nutqida Orolbo‘yidagi ishlar nafaqat ekologik, balki ijtimoiy ahamiyatga egaligiga ham urg‘u berildi. Chunki u yerdagi aholi turmush darajasini oshirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhimdir. Demak, Orol masalasi keng ma’noda faqat tabiatni asrash emas, balki inson hayotini yaxshilash, jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash vazifasini ham o‘z ichiga oladi.
Shu tariqa, Prezident Mirziyoyevning nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari umumbashariy miqyosdagi vazifa sifatida ko‘tarildi. Ushbu masalalar bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar — Orolbo‘yini yashil hududga aylantirish, suv forumlarini tashkil etish, iqlim migratsiyasiga oid global pakt qabul qilish — dunyo hamjamiyati uchun muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda o‘zini nafaqat mintaqaviy, balki global yetakchi sifatida namoyon qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida yoshlar masalasi va ma’naviy merosni asrab-avaylash, uni dunyo miqyosida targ‘ib qilish mavzulari alohida o‘rin egalladi. Ushbu mavzular nutqning yuragi sifatida talqin etildi, chunki ular mamlakatimiz taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, yoshlar – bugungi kunning emas, balki ertaning ham hal qiluvchi kuchidir. Shu bois ularning bilimli, ma’naviyatli, teng imkoniyatlarga ega va global jarayonlarda faol ishtirokchi bo‘lishi insoniyat kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Prezident “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusini ilgari surdi. Bu g‘oya butun dunyo yoshlarini tinchlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik ruhida birlashtirishni ko‘zlaydi. Yoshlar dunyosida keskin radikal g‘oyalar, ekstremizm va ziddiyatlar xavfi tobora kuchayib borayotgani sir emas. Shu sharoitda tinchlikparvar g‘oyalarni targ‘ib qilish, yoshlarning qalbi va ongiga insonparvarlikni singdirish juda muhimdir. O‘zbekiston tashabbusining qiymati shundaki, u global maydonda yoshlarni birlashtiruvchi yangi platforma sifatida xizmat qilishi mumkin.
Ma’naviyat masalasi ham nutqning muhim qismi bo‘ldi. Prezident Islom sivilizatsiyasi markazini ochish va buyuk allomalar: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini dunyoga targ‘ib qilish rejasi haqida fikr bildirdi. Bu tashabbuslar nafaqat islom ilm-fani va ma’naviyatining ahamiyatini tiklash, balki jahon hamjamiyatiga bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini yetkazishga qaratilgan. Chunki bu buyuk allomalarning asarlarida ilmga hurmat, inson qadri, tinchlik va adolat g‘oyalari markaziy o‘rinni egallaydi. Prezidentning bu tashabbusi ma’naviy diplomatiyaning yangi bosqichini boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Yoshlar siyosatida O‘zbekiston so‘nggi yillarda ulkan ishlar amalga oshirdi. Millionlab yoshlar ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Prezident nutqida ta’kidlanganidek, yangi universitetlar, ilmiy markazlar, yoshlar texnoparklari tashkil etildi. Yoshlar uchun grantlar, kreditlar, startap dasturlar joriy etildi. Bu ishlar yoshlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Shu bilan birga, xotin-qizlar va yosh ayollarning ta’lim va tadbirkorlik sohasidagi ishtiroki kengaymoqda, bu esa gender tengligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
Prezidentning nutqida ma’naviy meros bilan zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi ochiq namoyon bo‘ldi. Bir tomondan, u buyuk allomalarning merosini targ‘ib qilish orqali ma’naviy asoslarni mustahkamlash g‘oyasini ilgari sursa, ikkinchi tomondan, yoshlarni raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va yangi texnologiyalar sohasidagi bilimlar bilan qurollantirish zarurligini ta’kidladi. Bu uyg‘unlik Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modelini belgilaydi: ma’naviy merosga tayangan holda zamonaviy ilmiy-texnologik taraqqiyotga erishish.
Prezident yoshlarni global jarayonlarga faol jalb etish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, yoshlar faqat milliy darajada emas, balki xalqaro maydonda ham o‘z salohiyatini namoyon qilishi kerak. Shu bois “Jahon yoshlari harakati” tashabbusi yoshlar uchun xalqaro muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu platforma orqali yoshlar turli millat va din vakillari bilan muloqot qilib, tinchlik va hamjihatlik g‘oyalarini o‘rganadi va targ‘ib qiladi.
Ma’naviy diplomatiya masalasi ham nutqda chuqur yoritildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, turli ma’naviy-ma’rifiy forumlar va xalqaro anjumanlar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ma’naviy-ma’rifiy markaz sifatida nufuzini oshiradi. Bu tashabbuslar orqali mamlakatimiz faqat iqtisodiy yoki siyosiy yo‘nalishda emas, balki ma’naviy sohada ham global yetakchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqida yoshlar va ma’naviyat masalasi milliy taraqqiyot strategiyasining uzviy qismi sifatida namoyon bo‘ldi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini oshirish, ma’naviy merosni tiklash va dunyoga targ‘ib qilish g‘oyalari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun katta ahamiyatga ega. Bu g‘oyalar yoshlar ongiga tinchlik va bag‘rikenglikni singdirish orqali global barqarorlikka xizmat qiladi.
Nutqning umumiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi xalqaro siyosiy maydonda to‘liq namoyon bo‘lmoqda. Milliy islohotlar va xalqaro tashabbuslar uyg‘unligi mamlakatimiz nufuzini yuksaltirib, tinchlik, barqaror rivojlanish va inson qadrini ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi. Prezidentimizning ushbu nutqi nafaqat mamlakatimiz, balki butun insoniyat uchun ahamiyatga ega siyosiy hujjat sifatida tarixda qolishi shubhasiz.
Naibaxon Mamadaliyeva,
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori maslahatchisi
O‘zA