Yangi o‘yingohdagi dastlabki g‘alaba
Nukus shahridagi yaqinda to‘liq ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilgan “Turon” o‘yingohida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Proligasining navbatdagi 19-tur o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Unda yetakchilik qilib, Superligaga yo‘llanma olish uchun astoydil harakat qilayotgan Nukusning “Orol” jamoasi Qarshi davlat universitetining futbol klubi hisoblangan “Lochin” jamoasini qabul qildi.
Davlatimiz rahbarining qarori asosida “Orol” professional futbol klubining asosiy bazasi hisoblangan “Turon” o‘yingohida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilib, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan esa klubga Prezident sovg‘asi, yangi zamonaviy avtobus va mikroavtobus olib berildi.
[gallery-31417]
Shu kuni 12 ming nafarga yaqin muxlis bevosita tomosha qilgan va haqiqiy futbol bayramiga aylangan o‘yinning birinchi taymida hisob ochilmadi. Ikkinchi taymning 66-daqiqasida bosh hakam tomonidan mehmonlar darvozasiga 11 metrlik jarima belgilandi. Nafaqat jamoaning, balki Proliganing bosh penaltichisi hisoblangan Ruslan Qalmagambetov jarima to‘pni aniq bajarib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Hakam tomonidan o‘yinga qo‘shib berilgan so‘nggi daqiqalarda mezbonlar ikkinchi to‘pni kiritdi. "Orol" hujum chizig‘ining yetakchisi Ruslan Қалмагамбетов o‘zining ikkinchi goliga mualliflik qildi. To‘purarlar safini boshqarib kelayotgan uning jami gollari soni 18 taga yetdi.
Shunday qilib, yangi o‘yingohda o‘tgan o‘yinda maydon egalari 2:0 hisobida navbatdagi g‘alabaga erishdi. Liga o‘yinlarida peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelayotgan “Orol” 46 ochko to‘plab, asosiy raqibi “Sho‘rtan” bilan oradagi farqni 7 ochkoga yetkazdi.
“Orol” va “Lochin” jamoalari uchrashuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
O‘zbekiston Proligasida o‘ynayotgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining "Jayxun" klubi esa, ushbu turda "Paxtakor-2" jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va musobaqa jadvalida 24 ochko bilan 9 o‘rinni egallab kelmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari