Yangi o‘quv yili yangi orzular bilan boshlandi
Navoiy davlat pedagogika institutida ham o‘qish an’anaviy tarzda boshlandi.
Joriy yilda oliygohning birinchi bosqichiga 3870 nafar talaba qabul qilinib, ularning 3750 nafari bakalavriat, 120 nafari esa magistratura yo‘nalishida o‘qiydi. Talabalarning 2275 nafari kunduzgi, 1175 nafar sirtqi, 300 nafari esa kechki ta’lim shaklida tahsil oladi.
Shuningdek, joriy o‘quv yilida bakalavr yo‘nalishida kunduzgi ta’lim shaklida davolash ishi va pediatriya ishi, sport faoliyati – kurash, sirtqi ta’limda ijtimoiy ish – fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari, magistratura yo‘nalishida esa matematika (yo‘nalishlar bo‘yicha) va geografiya - o‘rganish ob’ekti bo‘yicha yangi yo‘nalishlar tashkil etildi.
Talabalar karantin talablariga rioya etgan holda, xususan, kirish qismida tana harorati o‘lchanib, qo‘llari antiseptik vositalari bilan dezinfeksiya qilingan holda oliygoh hududiga kiritilmoqda.
Ushbu jarayonlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb etilgan. Institut rahbariyati va fakultet dekanlari birinchi kursga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari hamda yaqinlarini tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qabul kvotalari oshirilib, alohida imtiyozlar joriy etilgani, institutda yangi yo‘nalishlar ochilib, buning samarasida ta’lim sifati o‘zgarayotganini ta’kidladi
Birinchi kurs talabalariga bir hafta davomida tanishtiruv hamda Mustaqillik darslari o‘tiladi. Qolgan barcha kurs talabalariga esa darslar o‘quv reja asosida olib boriladi. Institutda "Maslahat markazi" faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda talabalar va ularni yaqinlari o‘qish jarayonlari yuzasidan savollariga batafsil javob olishi mumkin.



Abduvali Bo‘riyev, O‘zA