Yangi o‘quv yili katta maqsadlar bilan boshlandi
Yangi o‘quv yilining ilk kuni har bir inson hayotida alohida xotira qoldiradi. Ayniqsa, maktab ostonasiga birinchi bor qadam qo‘yayotgan bolalar uchun bu sana bolalikning eng quvonchli va unutilmas lahzalaridan biridir. 2-sentabr kuni Qarshi shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham Bilimlar kuni va “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Xususan, shahardagi 23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tantanali tadbirda Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev ham ishtirok etdi.
Tadbirda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritilib, o‘qituvchi va murabbiylar, o‘quvchilar hamda ota-onalar mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlangani bilan samimiy muborakbod etildi. O‘quvchi-yoshlar va ustozlarga davlatimiz rahbarining bayram tabrigi yetkazildi.
Joriy o‘quv yilida 23-maktabda 245 nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi. Tantanali tadbirda ularga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Quvonarlisi, mazkur maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari nafaqat bayramona kayfiyat, balki amaliy o‘zgarishlar bilan uyg‘un kechdi. Investitsiya dasturi doirasida 18 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, maktab binosi kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 420 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etildi.
Maktab hududida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun ham sharoitlar yaxshilandi. Xususan, 1,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan zamonaviy sport maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi.
Bu kabi yangilanishlar ta’lim muassasasini shunchaki ta’mirlash emas, balki bolalar uchun munosib o‘quv muhitini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yosh avlod kamolotiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi pedagoglarga Qarshi shahar hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tantanada yana bir o‘ziga xos jihat kuzatildi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Adham Xudoyqulov ham o‘zi o‘qigan maktab sifatida 23-maktabga tashrif buyurib, bu dargohda ta’lim olgani, maktab uning hayotida alohida o‘rin tutishi haqida so‘z yuritdi. Maktab o‘quvchilariga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.
Kitobning qadri, ilmning inson hayotidagi o‘rni haqida gap ketganda, bunday tashabbus ayniqsa, ramziy ma’noga ega. Chunki bugun maktab partasida o‘tirgan har bir bolaning kelajakda qaysi kasbni tanlashi, qanday inson bo‘lib voyaga yetishi, avvalo, uning bilimga munosabati va kitob bilan do‘stligiga ham bog‘liq.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Bolalarning quvonchi, ota-onalarning hayajoni va ustozlarning ezgu niyatlari uyg‘unlashgan bu lahzalar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Nihoyat, barcha intiqib kutgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” yangradi. Bu qo‘ng‘iroq shunchaki yangi o‘quv yili boshlanganidan darak beruvchi sado emas. U o‘quvchilarni yangi bilimlar, yangi izlanishlar va yangi marralar sari chorlovchi ramziy da’vatdir.
Shundan so‘ng yangi o‘quv yilining ilk darslari – “Mustaqillik darslari” boshlandi. Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev ham dars jarayonida ishtirok etib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
[gallery-31215]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari