Yangi Namangan nomiga munosib mahalla bo‘ldi
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi bayramiga munosib tuhfa sifatida Yangi Namangan mahallasida bir qator yangi maskanlar foydalanishga topshirildi.
Viloyat hokimligi, tegishli tashkilotlar hamda saxovatpesha tadbirkor tomonidan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga kirishilgani natijasida, kechagina abgor holgan tushgan hudud qiyofasi tubdan o‘zgardi. Yangi yo‘llar, obod ko‘chalar, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar yaratildi.




Jumladan, yangidan qurilgan uch qavatli “Mahalla axborot va xizmat markazi” norinliklar hayotida chinakam unutilmas va quvonchli voqeilik bo‘ldi. Mazkur markazda nafaqat Yangi Namangan, balki tumandagi sakkizta mahallada yashovchi 27 mingdan ziyod aholiga 980 turdagi xizmatlar mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi.

– Go‘shamiz shunchaki mahalla emas, balki zamonaviylik, obodlik va xalqparvarlik mujassam bo‘lgan maftunkor maskanga aylandi, – deydi Norin tumanidagi “Yangi Namangan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akmaljon Holmatov. – Aholi uchun zamonaviy kutubxona, fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiluvchi fitnes klubi, mahallamiz yettiligi xodimlari uchun qulay ish xonalari, ma’naviyat xonasi, kasb-hunarlarga o‘ratish, tadbirkorlik ko‘nikmalariga moslashtirish, xotin-qizlar uchun psixologik va huqiy xizmat ko‘rsatish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish xonalari tashkil etildi.

Yangi Namangan mahallasida yana bir muhim ijtimoiy ob’ekt – 20-sonli oilaviy poliklinika chekka hududlarda ham xalqimiz salomatligini ta’minlash davlatimiz siyosatida ustuvorlik kasb etayotganligini yana bir karra isbotladi.
Mazkur shifo maskanini barpo etish uchun 4 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflanib, barcha qulayliklarga ega zamonaviy bino qad rostladi. Shuningdek, poliklinika 1 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

Muassasaga jami 77 turdagi tibbiy jihoz keltirilib, ularni o‘rnatilmoqda. Jumladan, rentgen, ultra tovush tekshiruvchi apparati, operatsion stol, mikroskoplar, analizatorlar, sentrifuga, magnitoterapiya, sterilizator kabi o‘nlab zarur tibbiy uskunalar mavjud.

Poliklinikaga 20 ta zamonaviy kompyuter olib kelinib, shifoxona to‘liq lokal tarmoqqa ulanmoqda. Bu aholiga tibbiy xizmatlarni tezkor va sifatli ko‘rsatish imkonini yanada kengaytiradi. Oilaviy poliklinika orqali hududdagi 16 ming 440 kishi “Dmed” axborot tizimiga to‘liq qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Istiqlol shodiyonasiga sharafiga yangi namanganliklar uchun yana bir qulaylik – zamonaviy fastfud shoxobchasi foydalanishga topshirildi.

Shinam va qulay muhitga ega shoxobcha mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun mazali taomlardan bahramand bo‘lish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun yana bir manzilga aylanadi.
Qolaversa, yangi shoxobchaning ishga tushirilishi o‘ndan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallada xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga xizmat qiladi. Binobarin, mahallada qad rostlayotgan har bir yangi ob’ekt elimiz roziligini olishdagi qulaylik, yangi imkoniyat va farovon kelajakning yorqin ifodasidir.

Yangi maskanlarni ochilish marosimlarida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilari, faol nuroniylar, tuman faollari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, qisqa muddat ichida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida Yangi Namangan mahallasi butunlay yangicha qiyofa kasb etib, aholi uchun munosib va qulay hayot muhiti yaratildi. Zero, bu inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonga munosib mahallalar ko‘payayotganidan yorqin dalolatdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.