"Yangi nafas" marafoni vodiyda ko‘tarinki ruhda o‘tadi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 32 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan “Yangi nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlikning borishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari vakillari, mas’ul mutasaddi tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan anjumanda so‘z olgan har uch viloyatning masalaga daxldor mutasaddilari shu yilning 19 noyabr kuni o‘tkaziladigan ommaviy yugurish musobaqalarini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha o‘z hududlarida olib borilayotgan hozirlik haqida axborot berdi.

Ta’kidlash joizki, bunday formatdagi ommaviy yugurish musobaqalari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida faqat O‘zbekistonda o‘tkaziladi va mintaqadagi eng ommabop sport musobaqasi bo‘lib hisoblanadi.

– To‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan va sog‘lom turmush tarzi asosi bo‘lgan ommaviy yugurish musobaqalariga yurtdoshlarimizning qiziqishi tobora ortib bormoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev. – Buni, jumladan, o‘tgan vaqt ichida yurtimizda marafon qatnashchilari qariyb o‘n baravarga ortganida ko‘rish mumkin. Kelayotgan yakshanbada bo‘lib o‘tadigan yugurish bellashuvlarida 150 mingga yaqin kishi 14 ta hududning 16 ta shahrida belgilab qo‘yilgan uch kilometrlik masofani bosib o‘tadi.

Xususan, vodiy viloyatlarining har birida o‘n mingdan fuqaro yugurishga chiqadi. Ayni paytda tadbirning barcha bosqichlarini sifatli tayyorlash bo‘yicha hokimliklar va vakolatli boshqarmalar ishtirokida tashkil etilgan tezkor shtablar faol ish olib bormoqda. Joylarda fuqarolarni davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan shonli sanaga bag‘ishlangan yirik sport tadbiriga keng jalb etish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlari qizg‘in olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun: “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi Respublikamizning 15 ta shahrida 3 kilometr, poytaxtimiz Toshkentda esa 3 va 10 kilometr masofalar bo‘ylab o‘tkaziladi. An’anaga muvofiq, Namangan shahrida Amir Temur ko‘chasi oldidan oldidan “Uch favvora” xiyobonigacha bo‘lgan masofa start va finish nuqtasi sifatida belgilandi. Barcha hududlarda musobaqaga 19 noyabr kuni soat 08:00 da start beriladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri