Yangi markaz ta’lim sifatini yanada oshiradi
Jizzax shahridagi Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti Jizzax filialida tibbiyot o‘quv-simulyatsiya markazi ish boshladi.
Qozon federal universiteti Rossiyadagi eng qadimiy va keng qamrovli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Uning Jizzax filiali o‘tgan 2022 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. 1 ming 88 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu oliy ta’lim muassasasida ayni payda 325 nafar talaba ta’lim olmoqda.
QFU Jizzax filialida davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiyot biokimyosi, jurnalistika, iqtisodiyot, geologiya, tilshunoslik, dasturiy muhandislik, axborot tizimlari va texnologiyalari hamda texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish kabi 11 yo‘nalishda mutaxassis tayyorlanadi.

Rossiya Federatsiyasining QFU Jizzax filialining tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini boshlagan o‘quv-simulyatsiya markazi – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.
– Mazkur ko‘p tarmoqli o‘quv-simulyatsiya laboratoriyasining tashkil etilishi professor-o‘qituvchilarimiz uchun nazariya va amaliyotni uyg‘unlikda olib borish imkonini bersa, talabalar 1-kursdan boshlab sifatli bilim olish baxtiga muyassar bo‘ladi, – deydi QFU Jizzax filiali ijrochi direktori, texnika fanlari doktori, professor Ozod Bobomurodov. – Markazda talabalarga innovatsion usullar orqali ta’lim berishda amaliy ishlar va ilg‘or xorijiy davlatlar o‘qitish uslublaridan keng foydalaniladi. Yangi texnologiyalarni o‘rganish, shu orqali bemorlarning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasdan amaliy ko‘nikmalar oshiriladi hamda turli xil klinik vaziyatlar tahlil etiladi.
Darvoqe, yangi markazda talabalar keng ko‘lamli tibbiy muolajalarini o‘zlashtirishlari mumkin bo‘lgan simulyatsiya, in’eksiya, oshqozonni yuvish, ultratovush tekshiruvi, terapiya, turli murakkablikdagi jarrohlik amaliyotlarini olib boruvchi o‘quv va laboratoriya xonalari mavjudligini ham alohida ta’kidlash joiz.

Shuningdek, markazda stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘rganish uchun simulyatsiya uskunalari bilan jihozlangan stomatologiya kabineti va laboratoriyasi, ikkita kimyoviy laboratoriya, o‘quv anatomik muzey ham tashkil etilgan.
Shu o‘rinda ushbu oliygohda ham yangi o‘quv yili uchun qabul parametrlari Prezidentimizning 2023 yil 15 iyundagi “2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi farmoyishiga asoslangan holda amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim.
– Oliygohimizga yangi 2023-2024 o‘quv yili kunduzgi bo‘lim tibbiyot yo‘nalishi uchun ham qabul kvotalari soni ortdi, – deydi QFU Jizzax filiali qabul komissiyasi mas’ul kotibi Javohir Qodirov. – Jumladan, tibbiyot biokimyosi yo‘nalishiga yangi o‘quv yili uchun ajratilgan kvotalar soni jami 50 tani tashkil etib, shundan 15 davlat granti va 35 to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, davolash ishi, stomatologiya va farmatsiya yo‘nalishlarining har biriga 75 tadan, shundan 22 tadan grant, 53 tadan o‘quv kontrakt shartnomalari asosida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlar talabalikka qabul qilinadi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA