Yangi lugʻat nashrdan chiqdi
Oʻzbekistondagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining loyihasiga koʻra ilk marotaba “Ozarbayjon-oʻzbek va oʻzbek-ozarbayjon lugʻati” nashr etildi.
Oʻzbekistondagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining loyihasiga koʻra ilk marotaba “Ozarbayjon-oʻzbek va oʻzbek-ozarbayjon lugʻati” nashr etildi.
Mazkur loyihani amalga oshirishda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy nomidagi tilshunoslik instituti va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi xodimlari, har ikki davlat olimlari faol ishtirok etdi.
Lugʻatga jami 23 mingdan ziyod soʻz va ibora, har ikki tilda qoʻllaniladigan transkripsiyalar kiritilgan. Loyiha rahbari Oʻzbekistondagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov lugʻatga soʻz boshi yozgan.
Kitob soʻzboshisida qadimiy va boy oʻtmishga ega Ozarbayjon va Oʻzbekiston madaniyati sivilizatsiya rivoji, Sharq va jahon ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini boyitishga ulkan hissa qoʻshgani qayd etilgan. Ushbu ikki til tarixiy taraqqiyot yoʻli turlicha boʻlishiga qaramay, turk tili ularning asosini tashkil etadi. Ozarbayjon tili singari oʻzbek tili ham turkiy tillarning oʻgʻuz va qarluq til guruhiga kiradi. Umumfoydalaniladigan lugʻatni chop etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ushbu tillar oʻrtasida oʻziga xos koʻprikni yaratishdir.
“Ozarbayjon-oʻzbek va oʻzbek-ozarbayjon lugʻati” qardosh ikki xalqning madaniy, ilmiy, va adabiy munosabatlarini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshadi.