Yangi loyihalar – yangi imkoniyatlar
Andijon viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yangi quvvatlarni, ayniqsa, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda 2023 yilda sanoat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 73,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga o‘sgan. Ana shu sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Andijon tumanida tashkil etilgan “Andijon sanoat xabi” maxsus sanoat zonasi ham ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlarga yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Andijon tumanida 105 gektar maydonda barpo etilgan “Andijon sanoat xabi” qurilishi 2021 yilda boshlangan. Bu yerda asosan mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalar joylashtirilgan. Sanoat zonasida zarur infrastruktura yaratilgan. Hudud to‘la yuqori kuchlanishli elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, oqova suv tarmog‘i bilan ta’minlangan.
[gallery-18967]
– Hozirga qadar maxsus sanoat xabida uchta loyiha ishga tushirildi, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Ergashali Abdujalilov. – Ya’ni korxonalar tomonidan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikalarining cho‘yan qismlari, quyosh panellari hamda avtomobil oynalarini ko‘tarish va tushirish moslamasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu kunlarda avtotransportlar uchun butlovchi qismlar, avtomobillarning yirik plastik qismlarini bo‘yoqlash, elektrokabel mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Bugungi kunda sanoat xabida umumiy qiymati 59,6 million AQSH dollari teng loyiha doirasida “Auto Spring Component” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat yuritmoqda. Bu yerda avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun import o‘rnini bosuvchi, cho‘yandan quyiladigan va mexanik ishlov berilgan qismlar ishlab chiqarilmoqda.
– O‘tgan yili ish boshlagan korxonamizda Xitoy, Germaniya, Turkiya, Rossiya kabi rivojlangan davlatlar texnologiyalari asosida avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalarining avval chetdan olib kelingan cho‘yan qismlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Auto Spring Component” MCHJ direktori o‘rinbosari Muhammadsaid Kim. – Asosiy maqsadimiz avtomobil va boshqa texnika vositalarining cho‘yan qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan. Bundan tashqari, korxonada O‘zavtosanoat tizimi korxonalarida hosil bo‘ladigan metall chiqindilari qayta ishlanmoqda.
Yiliga 18 ming tonna cho‘yanni qayta ishlash va cho‘yan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada ayni kunda 140 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Korxona sexlarida bir vaqtning o‘zida 12 tonna metallni eritish imkoniyatiga ega 4 ta pech hamda cho‘yan mahsulotlari ishlab chiqaradigan ikkita avtomatik liniya o‘rnatilgan.
Korxonaning metall quyish va metallga mexanik ishlov berish bo‘limlarida asosiy ishlar avtomatlashtirilgan. Ayni kunda korxonada “JM-O‘zbekiston” korxonasida ishlab chiqarilayotgan “Chevrolet Tracker” , “Chevrolet onix” va boshqa avtomobillar, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodida tayyorlanayotgan texnika vositalari, shuningdek, suv nasosi uchun 30 dan ortiq turdagi cho‘yan butlovchi qismlar tayyorlanmoqda.
– Korxonamiz eng ilg‘or texnologiya va liniyalar bilan jihozlangan, – deydi korxona metall quyish liniyasi boshlig‘i Shoirbek Pozilov. – Masalan, AQSH brendi asosida Turkiyada ishlab chiqarilgan, avtomatik tarzda ishlaydigan metall eritish qozonida 1 tonna metallni eritish uchun 488 kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi. Bu jahondagi shu analogdagi, ya’ni metall eritish qozonlari ichida eng tejamkorlaridan biri hisoblanadi.
Korxonaning asosiy xom ashyosi metall chiqindilari hisoblanadi. Qayta ishlash jarayonida unga qo‘shiladigan qator modda va komponentlar Turkiya, Rossiya davlatlaridan olib kelinadi. Ayni kunda 20 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan korxonaning metallarga mexanik ishlov berish liniyasida amalga oshiriladigan asosiy ish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Avtomobillarning oldi, orqa disk barabanlari, burilish tirsaklari va boshqa butlovchi qismlar tayyorlanadigan liniyalar to‘la avtomatlashtirilgan. Asosiy ishlar maxsus dastur asosida raqamlashtirilgan robotlar tomonidan bajariladi.
Ilg‘or xorijiy davlatlar texnologiyalarini boshqarishni mahalliy, yosh mutaxassislar to‘la o‘zlashtirgan.
– Men 2022 yilda Andijon mashinasozlik institutini tamomlab, shu korxonada ish boshladim, – deydi yosh mutaxassis, ishlab chiqarish ustasi Abdurashid Siddiqov. – Korxonadagi malakali mutaxassislardan ish o‘rgandim, qolaversa, Xitoyning Fujiva mashina zavodida ishlab, malaka oshirdim. Bu ilg‘or texnologik liniyalarda ishlash layoqatimni oshirdi.
Umuman, korxonada ishchi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha alohida dastur asosida ish olib boriladi. Ishga qabul qilingan mutaxassislar maxsus dastur asosida o‘qitiladi, tayyorgarlikdan o‘tadi. Shuningdek, ularning Rossiyaning “Kamaz”, Xitoyning “Fujava” va boshqa xorijiy avtomobilsozlik korxonalarida ish o‘rganishi, malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, ayni kunda korxonada turkiyalik, xitoylik mutaxassislar ham ish olib bormoqda.
– Metallarni quyish va qayta ishlash bo‘yicha mutaxassisman, – deydi turkiyalik mutaxassis Mexmed Oda. – Bir yildan buyon ushbu korxona bilan hamkorlikda ish olib boraman. Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari to‘la xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Mahalliy mutaxassislar ham tajribali, hamkorlikdagi ishlardan ko‘nglim to‘ladi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifat darajasi, belgilangan standartlarga mosligi korxonadagi mavjud laboratoriyalarda sifatni belgilovchi 16 ta parametr bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ayni kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning barchasi tegishli sifat sertifikatiga ega.
Korxonada zararli moddalarning atmosferaga chiqib ketishining oldini olish uchun zamonaviy, maxsus havo tozalash filtrlari o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan zararli moddalar tozalanib, havoning holati doimiy nazorat qilinadi.
Hozirda korxona Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodi, Olmaliq, Navoiy tog‘-metallurgiya korxonalari, Germaniyaning Claas, Turkiyaning Weger kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, korxona mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha Germaniyaning Claas, Turkiyaning Weger, Rossiyaning “Kamaz” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Auto Spring Component” kabi korxonalar amalga oshirayotgan istiqbolli loyihalari, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3XrxhVqgOqc?si=RyRDCHkXzvc8WovK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari