Yangi loyihalar ishga tushiriladi
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida viloyat mas’ullari Rossiya federatsiyasining Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov bilan onlayn muloqotda bo‘ldi.
Muloqot avvalida, o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama hamkorlik asosidagi qo‘shma loyihalarning muvaffaqiyatli faoliyati e’tirof etildi. Nurafshon shahrida hamkorlikda ishga tushirilgan qiymati 10 million dollarlik salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini kelgusida kengaytirish reja qilindi. Endilikda, hamkorlar Toshkent viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, quritishga ixtisoslashgan umumiy qiymati 15 million dollarlik yana bir yirik loyihani amalga oshirish maqsadida ekanligini ta’kidladi.


Shu tashabbuslar uchun Toshkent viloyati tomonidan yer ajratish va kommunikatsiya tizimi masalalarida ko‘mak zarurligi bildirildi. Bu taklif hokim tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Yangiyo‘l tumani eng maqbul hudud ekanligiga to‘xtaldi. Muloqot davomida Zoyir Mirzayevning Bo‘stonliq tumanida dam olish maskanlari barpo etish, ya’ni, mehmonxonalar, bolalar uchun sog‘lomlashtirish oromgohlari, sanatoriylar, dor yo‘llari qurish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos viloyatda rus va ingliz tillariga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi tashkil etish takliflari ham ijobiy ma’qullandi.
Takliflar yuzasidan Rossiya delegatsiyasining sentyabr oyida Toshkent viloyatiga tashrifi kutilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.