Yangi kitob: “Millat baxtin so‘rar millat otasi”
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Millat baxtin so‘rar millat otasi” nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi.
Kitob – inson qalbida kechajak eng nozik tuyg‘ular – Yurt, Vatan mehri, iymon va qalb lazzati, shukronalik va o‘zlikni anglash haqida.
Lak-lak odamzotni yaratgan Egam,
Mehru karamini taratgan Egam,
Olamni bir joyga qaratgan Egam –
Ming-ming hikmat erur bir ishorati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati...
Birgina ana shu – Eng Buyuk, Eng Ulug‘ safar taassurotlari jonlangan manzuma xuddi Ona allasidek qalblarda aks-sado beradi, tuyg‘ularni junbushga keltiradi.
Bu – ezgu, samimiy tilaklar aks etgan kitob.
Bu – ko‘ngil ka’basidan olam mehvariga yuzlangan qalb sadolari taralib turadigan kitob.
Bu – Vatan va uning sha’nini nondek aziz tutguvchi o‘g‘lonlar, unutilmas on, lahzalar haqidagi kitob.
Bu – o‘quvchini o‘ziga, undan ruhiy balandliklar sari olib borguvchi kitob...
Dil dedim, dil yo‘lin xolis yo‘l ko‘rdim,
Dil tomon yurdimu olis yo‘l ko‘rdim.
Do‘stlar, bu manzilga yetguncha, go‘yo
Ming yil talpindimu ming yil yo‘l yurdim...
Sirojiddin Sayyidning yangi kitobini, albatta, o‘qing.
Alisher NARZULLO, O‘zA