Yangi kitob – Millat baxtin so‘rar millat otasi
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning "Millat baxtin so‘rar millat otasi" nomli kitobi nashrdan chiqdi.
Bugun Vatanimiz dunyoga yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Dunyo davlatlari, jahon xalqi tinchlik va barqarorlik, birdamlik va birodarlik, ilmu ma’rifat va taraqqiyot sari yuz tutgan yurtimizning yangi ko‘rku jamoli, umummilliy va umumbashariy maksadlar yo‘lida zahmat chekayotgan tanti xalqimizning azmu shijoatini alohida e’tirof etmoqda.
Albatta, biz bu kunlarga osonlikcha yetib kelmadik. “Zamon bo‘ldi o‘zbeklarning zamoni” deydi shoir. Prezidentdan to muallimgacha – biz barchamiz shu Vatan takdiriga birdek daxldorligimizni, mas’ul va qarzdorligimizni angladik.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning yangi kitobi aynan shu ruh, shu mavzudagi she’rlar, manzuma va faxriyalardan iborat. Bobolar an’anasiga mehr va sadoqat ruhida bitilgan “Yaxshilik eskirmagay” sarlavhali “Qirq hadis” – “Arba’in” turkumi ham aziz o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi.
Kitobga Mirzo Kenjabek mas’ul muharrirlik qilgan. Muharrir - G‘ayrat Majid. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ushbu kitobi “Sahhof” nashriyotida 2 ming 500 tirajda chop etildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
N.Usmonova,
O‘zA