Yangi kitob: «Ilmu odob javohirlari»
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir Yusufjon Alixonovning «Ilmu odob javohirlari» deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yoshlar tarbiyasini, ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirishda ijodkor ziyolilar, ayniqsa, adabiyot ahli mas’uliyati katta ekanini ta’kidladi.
– «Odob» so‘zi «adabiyot»ga hamohangdir, – dedi Sirojiddin Sayyid. – «Ilmu odob javohirlari» deb nomlangan ushbu kitob jadid bobolarimizning asarlarini yodga soladi. Kitobni o‘qigan odam undan chin ma’noda bahra oladi. O‘ylaymanki, bu asarga kitobxonlarda talab katta bo‘ladi.
– Odob – insonning yuksak sifati, – dedi to‘plamga taqriz yozgan shoir O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirzo Kenjabek. – Odob insonning insoniylik sifatini yuzaga chiqaradi. U insonni izzatli qiladigan fazilatdir. «Ilmu odob javohirlari» deb nomlangan ushbu kitobda bu jihatlar o‘zining yaqqol ifodasini topgan. Aytish joizki, o‘quvchi ushbu kitobdagi hikoyatlarni, hikmatlarni o‘qigan yoki eshitgan bo‘lishi mumkin. Lekin bugungi kunda yoshlar ma’naviy kamoloti, odobini to‘g‘ri shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda mazkur kitobning ahamiyati kattadir. Yangi kitob yoshlar, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylar, umuman, adabiyot muxlislari uchun qimmatlidir.
Kitob «Qamar-media» nashriyotida 500 tirajda chop etilgan. Undan «Odob olmosining qirralari», «Ilm o‘n qism bo‘lsa,to‘qqiz qismi odobdur...», «Boborahim Mashrab g‘azallariga sharh», «Ustoz nasihatlari», «Odobda ayollarning o‘rni» kabi saboqlar va ta’lim- tarbiyaga chorlovchi she’rlar o‘rin olgan.
– Bugun jamiyatda bir nafar ham yomon bola chiqishiga yo‘l qo‘yishga biz – ziyolilarining haqqimiz yo‘q, – dedi kitob muallifi Yusufjon Alixonov. – Shu bois ilm bilan birga odob vositasida yoshlarga ezgulik ulashish burchimizdir. Kitobda shu jihatlar o‘z aksini topgan.
Tadbirda yangi nashr etilgan kitob, uning tarbiyaviy ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi. Shoirlar o‘zlarining yangi she’rlaridan namunalarni o‘qidi. Ishtirokchilarga yangi kitobdan tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA