Yangi investitsion loyihalar taraqqiyotga xizmat qilmoqda
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ mamlakatimiz energetika tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biridir. O‘tgan asrning 60 yillarida mintaqadagi yirik ishlab chiqaruvchilarni elektr energetikasi bilan ta’minlash maqsadida bunyod etilgan mazkur korxona bugun mamlakat energetika tizimida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Korxona Bosh direktori Akmal Fayziyev muxbirimizga amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning samarasi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Yurtimizdagi dastlabki ilk 478 MVt hamda 450 MVt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari aynan ushbu korxona negizida barpo etilgan. Shu bilan bir qatorda “650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish” investitsiya loyihasi ham strategik ahamiyatga ega tashabbuslardan biridir. Mazkur loyiha yangi generatsiya quvvatlarini yaratish, yoqilg‘i resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni o‘zida mujassamlashtirgan.
Yirik energetika loyihalarini amalga oshirish katta moliyaviy resurslar, puxta muhandislik yechimlari va ilg‘or xalqaro tajribani talab etadi. Navoiy IESdagi uchinchi bug‘-gaz qurilmasi loyihasi ham O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning energetika sohasidagi amaliy ifodasidir.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICA bilan hamkorlikda olib borilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 786,7 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bosh pudratchi sifatida Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Power Ltd.” kompaniyalari konsorsiumi ishtirok etmoqda.
2024-yil 2-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan ushbu loyiha qurilishiga start berilgani stansiya rivojida muhim bosqich bo‘ldi.
Navoiy viloyatining Karmana va Navbahor tumanlari hududida 22,9 gektar maydonda amalga oshirilayotgan loyihaning eng muhim jihatlaridan biri uning ishlab chiqarish salohiyatidir. Yangi bug‘-gaz qurilmasida yiliga 4 milliard 786 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu elektr ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, sanoat va ijtimoiy soha ob’ektlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Biroq loyihaning ahamiyati faqat ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi bilan cheklanmaydi. Uning yana bir ustuvor yo‘nalishi resurs tejamkorligidir. Loyihaga muvofiq, qurilmaning yillik tabiiy gaz sarfi 905,83 million kub metrni tashkil etishi barobarida yiliga 870 million kub metr tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Zamonaviy asosiy va yordamchi uskunalarning joriy etilishi esa stansiyaning texnologik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Yirik investitsiya loyihasining natijasi qurilish maydonida amalga oshirilayotgan kundalik mehnat, ishlarning o‘zaro muvofiqligi va har bir bosqichning sifatli bajarilishiga bog‘liq. Uchinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish jarayonida ham qurilish, metall konstruksiyalarni o‘rnatish, mexanik montaj, quvurlar, elektr hamda nazorat-o‘lchov va avtomatika tizimlari bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Ayni vaqtda qurilish maydoniga 4 ming 472 nafar xodim hamda 185 ta mashina va mexanizm jalb qilinib, mobilizatsiya ishlari to‘liq yakunlandi.
Asosiy uskunalarni yetkazib berish borasida ham muhim natijalarga erishildi. Qozon-utilizator va uning elementlari, havo kondensatori, bug‘ turbinasi korpusi va generatori, gaz turbinasi hamda uning generatori, shuningdek, kuch transformatori bo‘yicha yetkazib berish ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilishiga erishildi. Bu keyingi montaj va sozlash bosqichlarini tashkil etish uchun muhim asosdir.
[gallery-31416]
2026-yilning o‘tgan davri mobaynida loyiha bo‘yicha jami 604,46 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi. Mablag‘lar qurilma va uskunalar, qurilish, loyihalash hamda maslahat xizmatlariga yo‘naltirilgan.
Har qanday yirik loyihaning qadri uning inson hayotiga, mehnat sharoitiga va hudud rivojiga ta’siri bilan ham o‘lchanadi. Uchinchi bug‘-gaz qurilmasi loyihasi doirasida 347 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Navoiy IESda barpo etilayotgan 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasi mamlakatimiz energetika salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Loyihaning ro‘yobga chiqishi yangi ishlab chiqarish imkoniyatlari, tejamkor texnologiyalar va barqaror energiya ta’minoti uchun qo‘shimcha zamin yaratadi. Zero, taraqqiyotning mustahkam poydevori bugun amalga oshirilayotgan aniq va istiqbolli ishlardan boshlanadi. Energetika sohasidagi yangi investitsion loyihalar esa iqtisodiyotning barqaror o‘sishi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan ana shunday muhim qadamlardan biridir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari