Yangi ijtimoiy loyihalarga keng imkoniyatlar
Fuqarolik jamiyati institutlari davlatning ijtimoiy sherigi sifatida aholi keng qatlamlarining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, islohotlar samaradorligini ta’minlash, demokratik o‘zgarishlar jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida yurtimizning barqaror taraqqiy etishida soha va yo‘nalishlar oldida turgan o‘ta muhim vazifalar ko‘rsatib berilgan.
Jumladan, Murojaatnomada Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etishga alohida e’tibor qaratish lozimligi belgilangan.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kommunal xo‘jaligi va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi davlat ijtimoiy buyurtmasi va joylardagi mavjud muammolarni aniqlashga, ularni hal etishga qaratilgan muhim loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha e’lon qilingan davlat grantlari tanlovlarining natijalari ko‘rib chiqildi.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, kadastr, qurilish, kommunal xo‘jaligi, bandlik va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi sohalarda qo‘llab-quvvatlangan 21 loyihaning amalga oshirilishi natijasida boshlang‘ich sinf yoshidagi nogiron bolalarga inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilinadi. 35 000 nafar maktab o‘quvchisining odam savdosining salbiy oqibatlari haqidagi xabardorligi oshiriladi. 1000 nafar tarbiyasi og‘ir yosh turli tadbirlarga jalb qilinadi. 10 000 nafardan ortiq talaba tizimli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan qamrab olinadi. Oliy ta’lim muassasalarida imkoniyati cheklangan talabalarga “To‘siqsiz muhit” dasturi shakllantiriladi.
Yangi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda “Dual ta’lim dasturi” va “WorldSkills” xalqaro standarti asosida 15 000 nafar ishsiz yosh 22 ta kasbga o‘qitilib, ularning bandligi ta’minlanadi.
Mamlakatimizda turizm sohasida talabalarning startap loyihalari asosida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ekoturizmning 15 ta yangi marshruti tashkil etiladi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun “To‘siqsiz turizm” elektron xaritasi va veb-sayti ishga tushiriladi.
Qurilish va kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida aholi uchun “Ogoh fuqaro” onlayn maslahat tizimi yaratiladi. 10 000 nafar fuqaroga davlat siyosati tushuntiriladi. Namangan viloyatida 6 044 nafar fuqaro yashaydigan 2 ta mahalla toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Shuningdek, 4,8 mlrd. so‘mlik 120 ta davlat granti loyihalari doirasida fuqarolik jamiyati institutlari mahalliy davlat boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.
“Temir", "Ayollar", "Yoshlar" daftarlariga kiritilgan 3 600 dan ortiq vaqtincha ishsiz bo‘lgan yoshlar, ayollar, nogiron shaxslarga biznes- reja tuzish va yuritish sohasida mahorat darsi, biznes maslahat, davra suhbati o‘tkaziladi.
Hududlarda 2000 ta yakka tartibdagi va 17 ta oilaviy tadbirkorlik sub’ekti, 4 ta yangi ijtimoiy korxona tashkil etilib, nogironlar aravachasi va boshqa asbob- uskunalar, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda aholiga turli maishiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga quyiladi.
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan, tibbiy yordamga muhtoj 2 070 nafar xotin-qizga psixologik va huquqiy yordamlar ko‘rsatiladi. Ajrim yoqasidagi 440 nafar oila yarashtiriladi va sog‘lom muhit shakllantiriladi.
Chekka, chegara oldi mahallalarda nogiron, ishsiz, kam ta’minlangan, notinch oilalardagi 23 507 nafar yoshni ekstremistik oqimlarning ta’siridan himoya qilish, giyohvandlik, axloqsizlik, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish bilan bog‘liq ta’sirchan jamoatchilik chora-tadbirlari olib boriladi.
Yoshlar “Besh tashabbus” doirasida individual suhbatlar, adabiyot va san’at vakillari bilan uchrashuvlar, “Yosh ijodkor” klublari, kasb-hunar kurslari, sport to‘garaklari va boshqa turli ma’naviy-ma’rifiy, harbiy vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilinadi.
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 258 ta davra suhbati va seminar-trenin”da 101 180 nafardan ortiq fuqaro qamrab olinadi. 1 200 dan ortiq fuqaroning huquq va manfaatlari himoya qilinadi. Sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va ta’lim sohalarida 38 ta jamoatchilik eshituvi, ekologik reyd va so‘rovnomalar o‘tkaziladi.
Xalqaro reytinglar va indekslarda O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni yoritishni yanada kuchaytirish maqsadida 3 tilda “O‘zbekistondagi islohotlar haqida” byulleten chop etiladi hamda 20 ta infografika hamda 4 ta video rolik ijtimoiy tarmoqlar orqali jahon hamjamiyatiga havola etiladi.
NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash aholi va turli ijtimoiy qatlamlarning dolzarb masalalarini hal etib, hududiy, tarmoq va sohaviy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishga hamda amalga oshirishga ko‘maklashadi, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlaydi.
Bularning barchasi erkin va adolatli fuqarolik jamiyatning shakllanishi, nodavlat notijorat tashkilotlarining amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi kuchayishiga xizmat qiladi va ularning yurt taraqqiyoti yo‘lida faol ishtirokini ta’minlaydi.
Parlament komissiyasi tomonidan “Yoshlarni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda hamda bandligini ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” va “Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” mavzuida davlat grantlari ajratish uchun uchinchi va to‘rtinchi tanlovlar e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida fuqarolik jamiyati institutlarining ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot–tashviqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha beshinchi davlat granti tanlovini e’lon qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining qarori qabul qilindi.
Tanlovlar joriy yilning 25 avgustidan 28 sentyabrgacha e’lon qilinadi. Hududlarda Parlament komissiyalari a’zolari, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati,“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zNNTMA tomonidan uchrashuvlar, seminarlar va davra suhbatlari, sayyor qabullarni o‘tkazish belgilandi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusidagi yangi g‘oya va tashabbuslaridan kelib chiqadigan fuqarolik jamiyati institutlarining dolzarb vazifalari muhokama qilinadi hamda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati, NNT bilan samarali ishlashni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining qarorlari qabul qilindi.
[gallery-3540]
N.Usmonova, O‘zA