Yangi hayotga bilim va iqtidor bilan
Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy o‘quv yili nihoyasiga yetdi. Bitiruvchilar mutaxassislik diplomlarini qo‘lga olib katta hayot sari qadam tashladi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti bakalavriat ta’lim bosqichini mazkur o‘quv yilida 1 ming 180 nafar yosh o‘g‘il-qiz tamomladi. Shundan, 861 nafari ta’limning kunduzgi, 319 nafari esa sirtqi ta’lim shaklida bakalavr darajasiga ega bo‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ularga “Oq yo‘l” tilandi. Tadbirda bitiruvchilarning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Institut rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov o‘quv yili davomida faolligi va bilimdonligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir necha talaba yoshlarga faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.


– Ochig‘ini aytganda to‘rt yil bir zumda o‘tib ketgandek tuyulyapti. Biz jamiyatimizning turli sohalariga mutaxassis sifatida uchirma bo‘lyapmiz, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Marjona Haydarova. – Men ham tengdoshlarim qatori ustozlar sabog‘ini olishga intildim. Ilm yo‘lida kelajagimni qurishga qaror qildim. Endi ta’limni magistratura bosqichida davom ettirmoqchiman. Barcha ustozlarimdan behad minnatdorman.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA