Yangi davr huquqshunoslariga muhim bilimlar berildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Jahon savdo tashkiloti huquqi doirasida yashil iqtisodiyot, energetika va investitsiya huquqi” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Germaniyaning “Konrad Adenauer” nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan treningda Jahon savdo tashkiloti huquqining asosiy tamoyillari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni, “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya, karbon soliqlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy tartibga solish masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro savdo qoidalarini amaliyotda qo‘llash, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda sarmoyadorlar uchun barqaror huquqiy muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda qayd etilganidek, asosiy maqsad — huquqshunoslarni O‘zbekistonning yangi iqtisodiy va xalqaro huquqiy sharoitlarida ishlashga tayyorlash, ularning zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Tadbir yakunida ishtirokchilar savol-javob va keyslar tahlilida faol qatnashib, sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA