Yangi arxiv saqlovxonasi ishga tushirildi
Sirdaryo viloyatida davlat arxiviga yangi saqlovxona binosi foydalanishga topshirildi.
Guliston shahrida joylashgan mazkur yangi saqlovxona xalqaro andozalarga mos keladigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan hamda eng so‘nggi zamonaviy anjomlar bilan jixozlangan. Xonalarga kompyuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

bugungi kunda Sirdaryo viloyati davlat arxivida 27 nafar xodim ishlab kelmoqda. Asosiy bino 2014 yil foydalanishga topshirilgan bo‘lib, saqlovxonasi 200 ming saqlov birligidagi hujjatlar qabul qilishga mo‘ljallangan edi. Endilikda yangi, zamonaviy arxivda 250 ming saqlov birligidagi hujjatlar sig‘imi mavjud.

–Yurtimizda arxiv ishi tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar sohani takomillashtirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – dedi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov. – Tariximizni o‘rganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham arxivga e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda.

Sirdaryo viloyati davlat arxivida saqlanayotgan eng qadimgi hujjatlar 1927 yilga to‘g‘ri keladi. Yangi binoda maxsus xonalar ajratilgan, ish sharoiti yaratib berilgan, arxiv hujjatlarini asrash, kelgusi avlodlarga yetkazish uchun juda ko‘p ijobiy ishlar qilingan.
O‘zA