Yana alifbo masalasi: to‘g‘ri qaror qilindimi?
Xabaringiz bor, o‘tgan hafta so‘ngida uzoq kutilgan lotin yozuviga asoslangan alifboni takomillashtirishga qaratilgan qonun Senat tomonidan qabul qilindi. Millatning bebaho boyligi hisoblangan tilning to shu kungacha bosib o‘tgan yo‘lini ayniqsa tilshunos olimlarimiz yaxshi bilishadi. Ayrim tovushlarni asl holida saqlab qolish jarayoni oson kechmagani ham rost. Aslida lotin yozuvi yaqin yuz yil ichida ikkinchi bor qaytib keldi, deyish mumkin. Va nihoyat, bugun takomillashtirish bilan bog‘liq masala qonun bilan himoyalandi.
To‘g‘ri, tovushlar o‘zimizniki, harflarimiz ham bir libos kabi,faqat hammasi mutanosib bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur. Xalqimiz o‘z tarixi mobaynida ko‘plab yozuvlardan foydalangan. Turkiylarning o‘z yozuvi bo‘lgan, O‘rxun-Enasoy (Runik) alifbosi-da boy tariximizning ajralmas bo‘lagi. Istilolar oqibatida arab yoki rus alifbosidan uzoq muddat foydalandik, milliy tovushlarimizni ifodalovchi harflar yasab olishga ham to‘g‘ri keldi.
Mavzu yuzasidan filologiya fanlari doktori G‘ofir Hamroyevga murojaat qilib, alifboga kiritilgan o‘zgarishlar haqidagi fikrini so‘radik.
– Hozir dunyo aholisining 30 foizidan ko‘pi lotin yozuvida ish yuritadi. Jadid bobolarimiz sa’y-harakati tufayli amalga kirgan bu alifbo 2-marta qabul qilingandan keyin 33 yil o‘tdi va shu orada 2-bor islohotga muhtoj bo‘lib turibdi. Muhokamaga qo‘yilib, nihoyat bir yoqadan bosh chiqarib tasdiqlanayotgan alifboda 4 harf (sh – ş, ch – ç, o‘ – ö, g‘ – g) shakliga o‘zgarmoqda. Jiddiy muhokama chog‘i bilib-bilmay munosabat bildiruvchilar ijtimoiy tarmoq orqali suvni loyqalatishga uringanini ham ko‘rdik. Bu borada aynan mutaxassislar fikri asosli va hal qiluvchi bo‘lib qoldimi?
– Alifbo islohoti bo‘yicha muhokama hamon qizg‘in davom etyapti, kimdir kuyinchaklik bilan asosli fikr-mulohaza bildirmoqda, ayrimlar vaziyatdan foydalanib qolishga urinyapti, ko‘pchilik blogerlar jarayonga obunachilari sonini oshirish umidida yondashyapti: “qassobga yog‘ qayg‘usi” qabilida.
Ayni masalada jamoatchilik fikri va munosabatidan ko‘ra mutaxassislar xulosasi muhimroq deb o‘ylayman. Uzoq davom etgan muhokamadan keyin chiqarilgan qarorni qo‘llab-quvvatlash kerak. Zero, taklif qilinayotgan 4 harf quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
– o‘zbek tilining kompyuter texnologiyalari bilan integratsiyalashuvini osonlashtiradi;
– klaviaturada o‘, g‘ harflari yozilishini osonlashtiradi, vaqtni tejaydi;
– sh, ch, o‘, g‘ harflari o‘rniga taklif qilingan ş, ç, ö, g harflari kam joy olishi hisobiga qog‘oz sarfi ham tejaladi, ekologiyaga kamroq zarar yetadi;
– turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy, ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shadi, umumturkiy alifbo va turkiy birlik manfaatiga ham mos keladi.
– Adashmasam olimlarimiz tovushlardagi o‘ziga xoslik bilan bog‘liq ba’zi jihatlarni ham e’tiborga olgan...
– Muhokamada (ng) harfiy birikmasi hamda unlilar masalasi qayta-qayta ta’kidlanmoqda. Aksar olimlar o‘zbek tilida unli 6 ta emas, 9 ta deya ta’kidlashi o‘rinli. Haqiqatan, tovushlarimiz mavjud 6 grafemaga sig‘maydi. Binobarin, uch yirik lahjadan iborat xalq manfaati uchun ko‘proq qipchoq lahjasida uchraydigan u, i, o‘ fonemalarining boshqa tovushlar ta’sirida ifodalayotgan ohang(variant)lariga alohida grafema berish ta’lim jarayonini murakkablashtiradi. Dunyo tajribasida bu masala o‘qitish metodikasi bilan hal qilinadi. Masalan, bugun dunyo ahli oson o‘rganib olayotgan ingliz alifbosida ham 6 unli harf 10 dan ortiq tovushni ifodalaydi.
(ng) harfiy birikmasi ko‘p muhokama qilinganiga qaramay, so‘nggi xulosaga ko‘ra, alifboda aks etmadi. Bu alifbo yaratishdagi “bir tovushga bir harf” tamoyili natijasi. O‘zbek tilini boshqa millat vakillariga o‘qitishda muayyan muammolar uchrashi inobatga olinsa, bu masalani ham o‘qitish metodikasi orqali hal qilish mumkin.
Shu o‘rinda tilshunoslar oldida yana bir muhim vazifa borligini ta’kidlash o‘rinli. O‘zbek tilida bugun muammoli bo‘lib turgan h, x, o‘ tovushlari farqlanib, qaysi tovushdan oldin yoki keyin shunday aytilishiga doir qoida yaratilsa, fonetika o‘qitish masalasi yengillashgan bo‘lar edi.
Umuman, qabul qilinayotgan, takomillashgan alifbo xalqimizga qulaylik, yengillik beradi, birdamlikni ta’minlaydi.
Ha, shunday. Tilimiz boy o‘tmishimizga munosib tarzda rivojlangan, barcha sohalar uchun keng qamrovli bo‘lib qolishi kerak. Lotin yozuviga asoslangan qardosh xalqlar o‘zaro munosabatida ham bu jarayon juda muhim.
O‘zA muxbiri Abdug‘afur Mamatov suhbatlashdi.