Yamanda aeroportga hujum qilishdi
Yaman poytaxti Aden shahri aeroportiga qurolli hujum uyushtirildi.
Xunrezlik oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 25 kishiga yetdi. Bunga qo‘shimcha ravishda 110 kishi jarohatlangani ham aytilmoqda. Ayni mazmundagi bayonotni Yaman sog‘liqni saqlash vaziri Qosim Buxeybux e’lon qilgan.
"Al-Jazira" telekanali xabar berishicha, jarohat olganlar orasida mamlakat aloqa vaziri o‘rinbosari Nosir Sharif, shuningdek Aden shahri gubernatori vakili Hasan az-Zamikiy va mahalliy qamoqxona direktori al-Mansur Naji al-Mahriy ham bor.
“Bundan bir necha soat avval aeroportda bir nechta kuchli portlash sodir etilgan. Xuddi shu payt samolyot zinasidan hukumatning yangi a’zolari tushishi kerak edi. Ular Saudiya Arabistonidan, ar-Riyod shahridan kelishayotgan edi”, deyiladi xabarda.
“RIA Novosti”ning ishonchli manbalarga tayanib yozishicha, portlash “Ansar Alla” xusitlar harakati isyonchilari o‘zlari egallab turgan Yamanning janubi-g‘arbidagi Taiz viloyatidan uyushtirgan raketa hujumi natijasida yuz bergan. “Sky News Arabia” telekanali uzatgan xabarda aytilishicha, portlash arafasida Aden aeroporti ustida uchuvchisiz boshqariladigan uchar qurilma ovozi eshitilgan.
Yamanda 2015 yildan buyon prezident Abdu Rabbi Mansur Hodiy tarafdorlari bilan xusit isyonchilari o‘rtasida fuqarolar urushi davom etmoqda. Prezident tarafdorlarini Saudiya Arabistoni, xusit isyonchilarini esa Eron qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlanadi.
Mamlakat shimoli, shuningdek Sana shahri xusitlar nazorati ostida qilmoqda. Shu bois xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumatning vaqtinchalik poytaxti Adenga ko‘chirilgan.