Yakkasaroy tumanida yangi IT-markaz ochildi
Pandemiya sharoitida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yanada shiddat bilan rivojlanishi bilan birga jamiyat hayotiga yanada faol tatbiq etila boshlandi.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtimizning Yakkasaroy tumani “Barkamol avlod” maktabi qoshida IT-markaz ochildi. O‘quv markazi binoning o‘ng qanotida joylashdi. Zamonaviy ta’mirlash ishlarini Yakkasaroy tuman hokimligi amalga oshirdi.

IT-markazga uslubiy dasturlar va kompyuter texnikasi IT-Park tomonidan taqdim qilindi. Yosh yigit-qizlar esa “One million uzbek coders” dasturi asosida o‘qitilishi ko‘zda tutilmoqda.
Dasturlash bo‘yicha mashg‘ulotlar bilan birga bu yerda o‘quvchilar robototexnikadan saboq oladilar. IT-markaz ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qatnashgan Yakkasaroy tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning ta’kidlashicha, tumanda uchta maktab ta’mirlandi. Ikkitasida yangi sport majmualari qurildi. Maktablar 4 millird so‘m mablag‘ evaziga yangidan jihozlandi.

Shu kunning o‘zida markaz o‘qituvchilari o‘quvchilar bilan qiziqarli mashg‘ulotlarni olib bordilar. Bu kabi markazlar mamlakatimiz IT-mutaxassislari safi iqtidorli yoshlar hisobiga yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA