Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun lizing: yangi imkoniyatlar
Parlament quyi palatasi majlisida yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu hujjat bilan Fuqarolik kodeksi va «Lizing to‘g‘risida»gi qonunga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirish, lizing munosabatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, lizing oluvchi tushunchasiga aniqlik kiritilib, yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs lizing oluvchi sifatida e’tirof etilishi belgilanmoqda. Bu orqali yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing munosabatlaridagi huquqiy maqomi aniq belgilanadi.
Loyihada lizing ob’ektini hisobga olish tartibini takomillashtirish, bunda lizing ob’ekti lizing oluvchining balansida hisobga olinishi ham aks etmoqda. Lizing oluvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan hollarda esa lizing ob’ekti lizing beruvchining balansida hisobga olinishi tadbirkorlarda buxgalteriya balansi mavjud emasligi bilan bog‘liq holda lizing xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq cheklovni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Natijada yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun lizing xizmatlaridan foydalanishning huquqiy mexanizmi yaratiladi. Qonun loyihasida lizing ob’ektining huquqiy va mulkiy egaligi, amortizatsiyani qo‘llash tartibi, shuningdek, lizing ob’ektidan foydalanish shartlari va cheklovlari shartnomada majburiy tartibda ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda. Bu lizing munosabatlarida huquqiy aniqlikni ta’minlash va shartnoma shartlarini bir xil yondashuv asosida shakllantirishga imkon beradi.
Majlisda qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, moliya bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning uzluksiz tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zA