Yadro tibbiyoti – zamonaviy onkologiyaning tayanch nuqtasi
Tibbiyot, ayniqsa, onkologiya yo‘nalishi dunyoda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biridir. Yangi texnologiyalar, xususan, yadro tibbiyoti va radiofarmatsevtikaning kirib kelishi saraton kasalliklarini davolashda mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Shu maqsadda, soha mutaxassislarining xalqaro maydonda malaka oshirishi, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirishi mamlakatimiz tibbiyot tizimini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yadro tibbiyoti – bu kasalliklarni tashxislash va davolashda radioaktiv moddalar (radiofarmatsevtik preparatlar)dan foydalanadigan zamonaviy tibbiyot tarmog‘i. Oddiy rentgen yoki UTT tekshiruvlaridan farqli o‘laroq, yadro tibbiyoti tanadagi organlarning nafaqat tuzilishini, balki ularning ishlash funksiyasini hujayra darajasida ko‘rsatib beradi. Bu usul orqali saraton hujayralarini juda erta bosqichda aniqlash va maxsus radioaktiv izotoplar yordamida aynan o‘sha hujayralarni nishonga olib, sog‘lom to‘qimalarga zarar yetkazmagan holda davolash mumkin.
Avstriya poytaxti Vena shahri bugungi kunda yadro tibbiyoti va yadroviy texnologiyalar bo‘yicha jahonning markaziy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Venada ushbu soha juda yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, bu yerda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) qarorgohi joylashgani ham bejiz emas. Shahardagi yetakchi klinikalar va ilmiy markazlar eng zamonaviy siklotron majmualari, diagnostik tizimlar (PET/CT, SPECT) va ilg‘or radiofarmatsevtika laboratoriyalari bilan jihozlangan. Vena tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yadro tibbiyotidagi muvaffaqiyat faqatgina qurilmalar emas, balki klinik radiofarmatsiya, radiatsion xavfsizlik va me’yoriy-huquqiy bazaning bir butun tizim sifatida ishlashiga bog‘liq.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yadro tibbiyoti shifokori Saidjon Hasanboyev Venada o‘tkazilayotgan «Bringing Therapy Radioisotopes into Clinical Radiopharmacy – Some Regulatory Aspects» nomli xalqaro o‘quv kursida ishtirok etmoqda. Yevropa Yadro tibbiyoti assotsiatsiyasi (EANM/ESMIT) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli o‘quv kursi GMP talablari, terapevtik preparatlarni ishlab chiqarish va sifat nazorati kabi muhim jihatlarga bag‘ishlangan.
Shifokorlarning bu kabi xalqaro maydonlarda malaka oshirishi nima uchun muhim? Birinchidan, onkologiya sohasida har yili yangi preparatlar va tashxis usullari paydo bo‘ladi. Shifokorning ilm-fan bilan «hamnafas» bo‘lishi xastalikni eng dastlabki bosqichida aniqlash va har bir bemor uchun individual, eng samarali davolash usulini tanlash imkonini beradi. Ikkinchidan, xalqaro protokollarni o‘zlashtirish mamlakatimizda ham jahon darajasidagi tibbiy xizmatni ko‘rsatishga zamin yaratadi.
Mazkur o‘quv kursi doirasida olingan bilimlar va Vena tajribasi Markazda yadro tibbiyoti xizmatini rivojlantirish, zamonaviy radionuklid diagnostika va terapiya bo‘limini tashkil etish, shuningdek, yuqori texnologiyali siklotron majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekistonda onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan minglab yurtdoshlarimiz uchun davolanish sifatini tubdan oshirish va sog‘ayish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA